O'zbekiston sportideSport Tahririyati 8

Javohir Sindarov Daniel Naroditskiy xotira turnirida rapid va blits yo'nalishlarida g'olib chiqdi

O'zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov AQShda o'tkazilgan birinchi Daniel Naroditskiy xotira turnirining blits yo'nalishida g'olib bo'ldi. U finalda 9 imkoniyatdan 7,5 ochko jamg'arib, 6000 dollar mukofot puliga ega bo'ldi.

Javohir Sindarov Daniel Naroditskiy xotira turnirida rapid va blits yo'nalishlarida g'olib chiqdi

O'zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov AQShda o'tkazilgan birinchi Daniel Naroditskiy xotira turnirining blits yo'nalishida g'olib bo'ldi.

Uning xalqaro turnirlardagi ishtiroki, musobaqalarga tayyorgarlik ko'rish va murabbiylar bilan olib boradigan ishlari O'zbekiston Milliy banki ko'magida amalga oshirilmoqda.

Finalda u 9 imkoniyatdan 7,5 ochko jamg'arib, 6000 dollar mukofot puliga ega bo'ldi. O'zbekistonlik shaxmatchi 7 ochko to'plagan amerikalik grossmeyster Uesli Soni ortda qoldirdi. Uchinchi o'rin esa 6 ochko bilan amerikalik Itan Shixan egalladi.

Blits yo'nalishining final bosqichi Masters saralash blits turnirining eng yaxshi 10 nafar ishtirokchisi o'rtasida bo'lib o'tdi. Sindarov 11 turdan iborat turnir yakunlariga ko'ra top 10 talikka kirdi va shundan so'ng finalda har bir yurish uchun 3 daqiqa + 2 soniya vaqt nazorati bilan 9 ta partiya o'ynadi.

Reglamentda aynan shunday format ko'zda tutilgan edi: Masters Blitz musobaqasining eng yaxshi 10 nafar o'yinchisi yakshanba kungi Blitz Final bosqichiga yo'l oladi, u erda bir davrali tizimda o'zaro kuch sinashadi.

Javohir Sindarov

Blits turnirining ochilish qismida kam uchraydigan vaziyat ham kuzatildi: aka-uka Javohir va Islombek Sindarovlar o'zaro to'qnash keldi. Ushbu partiya sharhlovchilarning ham e'tiborini tortdi — amerikalik grossmeyster Fabiano Karuana ularning o'zaro raqib sifatida dona surayotganini ko'rib, hayratini yashira olmadi. Bu uchrashuvda Javohir Sindarov g'alaba qozondi.

Finalda Sindarov oltita g'alabaga erishdi va uchta partiyani durang bilan yakunladi. U O'zbekistonning boshqa bir vakili Muhiddin Madaminov bilan durang o'ynadi, Itan Shixan, Vasif Durarbayli, Sem Sevian, Endi Vudvord, Semyon Xanin va Boris Gelfand ustidan g'alaba qozondi, shuningdek, elitadagi grossmeysterlar Uesli So va Hikaru Nakamura bilan ochkolarni bo'lishib oldi.

Turnir jadvali ma'lumotlariga ko'ra, Sindarovning blits-finaldagi performansi 2870 ni tashkil etdi va uning blits yo'nalishidagi reytingi 20,7 punktga ko'tarildi.

Bundan avvalroq Sindarov ushbu xotira turnirining rapid yo'nalishida ham g'olib chiqqandi. Musobaqaning asosiy qismida u 7 imkoniyatdan 6 ochko jamg'ardi, shundan so'ng tay-breykda hindistonlik grossmeyster Aravind Chitambaramni 2:0 hisobida mag'lub etdi. Rapid turniri har bir yurish uchun 10 daqiqa + 5 soniya vaqt nazorati bilan 7 turdan iborat formatda o'tkazildi. Ushbu g'alabasi uchun u 3000 dollar mukofot puli oldi.

Birinchi Daniel Naroditskiy xotira turniri 3−5 iyul kunlari Shimoliy Karolina shtatining Sharlott shahrida bo'lib o'tdi. Turnir amerikalik grossmeyster, sharhlovchi va shaxmat ommalashtiruvchisi Daniel Naroditskiy xotirasiga bag'ishlandi. Musobaqa dasturidan rapid, blits, blits finali hamda shaxmatdagi mualliflar va strimerlari o'rtasidagi turnir o'rin oldi.

Ulashish: