Ronaldu "An-Nasr"ga oʻzi bilan oʻynagan futbolchini olib keladi
Saudiya Arabistonining "An-Nasr" klubi yarim himoya chizigʻidagi yoʻqotish oʻrnini toʻldirdi. Yozgi transfer oynasida erkin agent sifatida jamoani tark etgan Marselo Brozovich oʻrniga yangi futbolchi tanlandi.

Portugaliya terma jamoasi sardori Krishtianu Ronaldu tarkibida toʻp surayotgan Saudiya Arabistonining amaldagi chempioni "An-Nasr" klubi yarim himoya chizigʻidagi yoʻqotish oʻrnini toʻldirdi.
Yozgi transfer oynasida erkin agent sifatida jamoani tark etgan tajribali tayanch yarim himoyachi Marselo Brozovich oʻrniga yangi futbolchi tanlandi.
Insayder Fabritsio Romano "X" ijtimoiy tarmogʻida xabar berishicha, Riyod klubi Ispaniyaning "Malorka" jamoasi yarim himoyachisi Samu Koshta bilan kelishuvga erishgan. Tomonlar oʻrtasidagi bitim shartlari toʻliq ochiqlanmagan, ammo transfer boʻyicha barcha asosiy masalalar hal etilgani aytilmoqda.

Manbaga koʻra, 25 yoshli portugaliyalik futbolchi garchi unga Germaniyaning "RB Leyptsig" klubidan ham rasmiy taklif boʻlgan boʻlsa-da "An-Nasr" taklifini qabul qilgan. Samu Koshta hisobida Portugaliya terma jamoasi safida etti oʻyin bor.
U 2026 yilda oʻtkazilgan jahon chempionatida ham ishtirok etgan. Musobaqa davomida yarim himoyachi bir marta maydonga tushgan — Kolumbiyaga qarshi guruh bosqichi 3-tur uchrashuvida (0:0) zaxiradan maydonga tushirilgan.