FutboldeSport Tahririyati 10

Shomurodov va Fayzullaev jamoasi Markaziy Osiyodan yana bir oʻyinchini soʻradi

Istanbul Bashakshehir klubi Qozogʻistonning 19 yoshli hujumchisi Jasulan Amirdan foydalanish istagini bildirgan. Shomurodov va Fayzullaevning jamoasi Turkiya Superligasida muvaffaqiyatli oʻynayotganidan soʻng, Markaziy Osiyodagi futbolchilarga eʼtibor qaratmoqda.

Shomurodov va Fayzullaev jamoasi Markaziy Osiyodan yana bir oʻyinchini soʻradi

Shomurodov va Fayzullaev jamoasi Markaziy Osiyodan yana bir oʻyinchini soʻradi

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi etakchilari Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayoʻullaev klublar miqyosida Turkiya Superligasida “Istanbul Bashakshehir” sharafini munosib himoya qilayotgani bois, Markaziy Osiyodagi futbol ishqibozlari bu jamoa oʻyinlarini kuzatib bormoqda.

Oʻz navbatida, Istanbul klubi mutasaddilari va skautlari ham ushbu mintaqa futbolchilariga eʼtibor qarata boshladi.

Qozogʻiston futboli manbalarining maʼlum qilishicha, “Istanbul Bashakshehir” futbol klubi “Ordabasi” jamoasining 19 yoshli hujumchisi Jasulan Amirni sotib olish istagini bildirgan.

Jasulan Amir

Iqtidorli oʻyinchi transferi boʻyicha tushgan takliflar haqida “Ordabasi” prezidenti Darxan Qizaybaev oʻz fikr-mulohazalarini va pozitsiyasini bildirdi.

- Jasulan Amir boʻyicha juda koʻp takliflar bor. Klubni ham, futbolchini ham qoniqtiradigan taklif kelsa, biz uni albatta qabul qilamiz.

Xususan, hozirgacha Amir boʻyicha Rossiyaning “Baltika” va Turkiyaning “Istanbul Bashakshehir” klublari aniq taklif bilan chiqdi.

Biz Jasulanning jamoamizga chempionlikni qoʻlga kiritishda yordam berishini xohlaymiz. Agar chempion boʻlsak, kelasi yili UEFA Chempionlar ligasida ishtirok etamiz. Shundan keyin futbolchining oʻzi kelajagi boʻyicha qaror qabul qiladi, - dedi Qizaybaev.

Joriy Qozogʻiston Premer-ligasi mavsumida Jasulan Amir 17 ta uchrashuvda maydonga tushib, 7 ta gol urdi va 2 ta golli uzatmani amalga oshirdi.

Shuningdek, u iyun oyida Armaniston va Vengriyaga qarshi oʻrtoqlik uchrashuvlarida ishtirok etib, Qozogʻiston milliy terma jamoasi safida debyut qildi.

Qozogʻiston Premer-ligasining 17-turidan keyin “Ordabasi” 40 ochko bilan musobaqa jadvalida peshqadamlik qilmoqda.

Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullaev “Istanbul Bashakshehir”ning etakchi oʻyinchilari hisoblanadi. Eldor oʻtgan mavsum istanbulliklar safida Turkiya chempionatida 34 ta uchrashuvda ishtirok etib, 22 ta toʻp kiritdi va Superliga toʻpurari boʻldi.

Abbosbek Fayzullaev esa, Turkiya Superligasida 20 ta uchrashuvda raqiblar darvozasini uch marotaba ishgʻol qilib, debyut mavsumini ancha muvaffaqiyatli oʻtkazdi.

Manba:Sports.uz
Ulashish: