Jahon chempionatidan so'ng ikki o'zbek futbolchining narxi keskin oshdi
Jahon chempionatidan so'ng ikki o'zbek futbolchining narxi keskin oshdi. Transfermarkt portali ekspertlari 2026 yilgi jahon chempionati yakunlanganidan keyin eng nufuzli musobaqada ishtirok etgan futbolchilarning bozor qiymatini yangiladi.

Jahon chempionatidan so'ng ikki o'zbek futbolchining narxi keskin oshdi
Transfermarkt portali ekspertlari 2026 yilgi jahon chempionati yakunlanganidan keyin eng nufuzli musobaqada ishtirok etgan futbolchilarning bozor qiymatini yangiladi.
Yangi baholash natijasida O'zbekiston terma jamoasining ikki yosh himoyachisi — Jahongir O'rozov va Behruz Karimovning transfer qiymati sezilarli darajada ko'tarildi.
22 yoshli O'rozovning bahosi bir zumda 600 ming evroga ko'tarilib, 1,2 million evroga etdi. Karimov transfer qiymatiga esa 650 ming evro qo'shib, 1 million evro chegarasini zabt etdi.
Jami hisobda ikki futbolchining umumiy qiymati 1,25 million evroga oshgani qayd etilgan.
Mutaxassislar Jahongir O'rozovni o'zbek futbolidagi yangi avlodning eng istiqbolli vakillaridan biri sifatida ko'rishmoqda. 190 santimetr bo'yga ega himoyachi havodagi kurashlarda ishonchli o'ynaydi, pozitsiya tanlashda xato qilmaydi va maydonning chuqur qismidan aniq uzatmalar bilan hujumni boshlab berish qobiliyati bilan ajralib turadi.

Joriy mavsumda u Samarqandning «Dinamo» jamoasi safida 11 o'yin o'tkazdi va bir marta sariq kartochka oldi.
2026 yilgi jahon chempionatida O'rozov O'zbekiston terma jamoasining guruh bosqichidagi uchala uchrashuvida ham o'ynab, Kolumbiya, Portugaliya va Kongo Demokratik Respublikasi futbolchilariga qarshi maydonga tushdi. Ikkita o'yinni asosiy tarkibda boshladi, yana birida zaxiradan maydonga tushirildi.
Mundialda uning umumiy o'yin vaqti taxminan 210 daqiqani tashkil etdi. U gol yoki golli uzatma bilan ajralib turmadi va musobaqani ogohlantirishlarsiz yakunladi. Sofascore talqiniga ko'ra, O'rozovning o'rtacha bahosi 6,5 ballni tashkil etdi.
Behruz Karimov jahon chempionatida ikki o'yinda maydonga tushib, jami 180 daqiqa o'ynadi. Kolumbiyaga qarshi 1:3 hisobida yakunlangan uchrashuvda u to'liq 90 daqiqa harakat qildi. Portugaliyaga qarshi 0:5 hisobida tugagan o'yinda esa himoyachi 89-daqiqada almashtirildi.
Ikki o'yin davomida Karimov 15 marta to'pni jamoasi ixtiyoriga qaytardi va 34 marta erdagi yakkakurashlarda ishtirok etdi.
Shuningdek, u muvaffaqiyatli driblinglar soni bo'yicha O'zbekiston terma jamoasida etakchiga aylandi — uning hisobida olti marta raqibni aldash bilan o'tib ketish qayd etilgan.
Ta'kidlash joizki, jahon chempionatida o'z salohiyatini namoyish eta olgan har ikkki yosh himoyachi Evropaning bir qator klublari e'tiborini qozondi va bugungi kunda muzokaralar o'tkazayotgani haqida ma'lumotlar bor.
O'zbekiston milliy terma jamoasining eng qimmatbaho futbolchisi Abduqodir Husanov hisoblanadi. 22 yoshli futbolchining transfer qiymati 50 million evro ekani qayd etilgan.