Mourino "Real"ga yangi sardor tayinladi
Madridning "Real" jamoasi va Urugvay terma jamoasi yarim himoyachisi Federiko Valverde klubning yangi bosh sardoriga aylanishi kutilmoqda.

Madridning "Real" jamoasi va Urugvay terma jamoasi yarim himoyachisi Federiko Valverde klubning yangi bosh sardoriga aylanishi kutilmoqda. Bu haqda Marca nashri xabar berdi. Unga koʻra, tajribali himoyachi Daniel Karvaxal jamoani tark etgach, sardorlik bogʻichi Valverdega topshiriladi.
Manba maʼlumoticha, "qirollik klubi" bosh murabbiyi Joze Mourino futbolchining kelajagiga nisbatan hech qanday shubhaga ega emas. Bu qarash 2026 yilgi jahon chempionatidagi omadsiz ishtirokdan soʻng ham oʻzgarmagan. Portugaliyalik mutaxassis Valverdeni iyul oyi oʻrtalarida start oladigan mavsumoldi yigʻinlardanoq asosiy rejaga qoʻshmoqchi. Shu bilan birga, u bundan oldin futbolchi bilan shaxsiy suhbat oʻtkazishni rejalashtirgan.

Klub rahbariyati va murabbiylar shtabi ham Karvaxal ketganidan keyin jamoada etakchilik masʼuliyatini aynan Valverde oʻz zimmasiga olishiga ishonmoqda. Undan nafaqat maydonda, balki kiyinish xonasida ham boshqa futbolchilar uchun namuna boʻlishi kutilmoqda.
Federiko Valverde 2016 yildan beri "Real Madrid" tizimida faoliyat yuritib kelmoqda. Oʻtgan mavsumda u klub safida 49 ta oʻyin oʻtkazib, raqib darvozalariga toʻqqiz marta aniq zarba yoʻlladi.