Jahon chempionati-2026: Angliya Kongo DR to'sig'idan qiyinchilik bilan o'tdi
Angliya terma jamoasi Kongo DR bilan o'tkazgan uchrashuvda qiyinchilik bilan g'alaba qozondi. Harri Keynning ikkita goli evaziga inglizlar 2:1 hisobida zafar quchdi.

Angliya va Kongo DR o'rtasidagi uchrashuvdan keyin keladigan eng oddiy xulosa — ushbu bahsni kongoliklarning O'zbekiston terma jamoasiga qarshi o'yini bilan solishtirish istagidir. Ko'rganlarimizdan taskin topish mumkin: O'zbekiston shunchaki raqibdan ko'ra ko'proq yuguradigan kambag'hal afrikacha jamoaga emas, balki o'z kuchiga ishongan, tartibli va yaxshi shakllangan terma jamoaga imkoniyatni boy bergan ekan.
O'tgan chorshanba kuni Atlantada kechgan uchrashuv hech kim tavakkal qilib oldinga tashlanmaydigan, ehtiyotkor va pozitsion futbol namunasi bo'lishi kutilgandi, biroq amalda hammasi boshqacha tus oldi. Frantsuz mutaxassisi Sebastyan Dezabr Kongo jamoasiga uyushqoqlik, muvozanat va kam sonli vaziyatlardan ham maksimal natija chiqarish (buni, afsuski, o'z tanamizda yaxshi his qildik) qobiliyatini singdira olgan.
O'yin ancha sust boshlandi, inglizlar maydonda xotirjam harakat qilib, to'p nazorati bo'yicha foiz ko'rsatkichlarini oshirish bilan band bo'lishdi. Ammo ko'p o'tmay Kongo DR futbolchilari diqqat markaziga chiqishdi.
Oldingi uchrashuvda o'zbekistonlik futbolchilarning holatini tang qilgan tirishqoq Brayen Sipenga chap qanotda Shansel Mbembaning uzatmasidan so'ng chiroyli kombinatsiyani gol bilan yakunladi. Inglizlardan hech kim darvozabon Jordan Pikford to'pni qaytarish o'rniga unga umuman teginmay, o'tkazib yuborishiga ishonmagandi — 0:1.
O'tkazib yuborilgan goldan keyin Tomas Tuxel shogirdlari vaqti-vaqti bilan mo'jizalar ko'rsatayotgan kongolik posbon Lionel Mpasi-Nzau darvozasini qamal qilib olishdi. Uning birinchi bo'limdagi ikkita seyvini bemalol reklama roliklari uchun lavha sifatida ishlatsa bo'ladi: Frantsiyaning «Gavr» klubi zaxira darvozaboni dastlab Djud Bellingemning ikkita, keyin esa Harri Keynning bitta xavfli zarbasini qaytarishga muvaffaq bo'ldi.
Ikkinchi bo'lim o'rtalarida maydonga yangi tushgan Entoni Gordonning uzatmasidan so'ng Keyn bosh bilan darvoza burchagini aniq nishonga oldi. Mpasi to'pga etib bordi, ammo uni ushlab qola olmadi — 1:1.
Kongoliklar deyarli 75 daqiqa davomida 1/8 finalda edilar, ammo Keyn dunyoning eng yaxshi to'purarlari ro'yxatida bejiz peshqadamlik qilmayotganini isbotladi. Bir yo'la bir nechta raqib qurshovida qolgan hujumchi to'pni qabul qilib, o'ziga qulay vaziyat topdi va kuchli zarba bilan to'pni darvoza to'sini ostiga joylab qo'ydi — 2:1.
Gollar: Keyn (75, 86) — Sipenga (7).
Angliya: Pikford, O'Reyli, Gexi, Konsa, Spens (Eze, 70), Rice, Anderson, Reshford (Gordon, 61), Bellingem, Madueke (Saka, 61), Keyn.
Kongo DR: Mpasi-Nzau, Masuaku, Tuanzebe, Mbemba, Van-Bissaka, Sadiki, Mutussami, Mukau (Kayembe, 76), Sipenga (Bongonda, 76), Vissa, Mbyukyu (Elia, 64).
Ogohlantirishlar: Bellingem — Sadiki.