Infantino jahon chempionati tijorat huquqlarining ulushini sotishni rejalashtirmoqda
FIFA prezidenti Janni Infantino jahon chempionatiga oid tijorat huquqlarining bir qismini xususiy investorlarga sotish rejasini ishlab chiqmoqda. Bu sxema orqali u oʻnlab million funt sterling miqdorida daromad olishi mumkinligi haqida The Times nashri xabar berdi.

Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantino jahon chempionatiga oid tijorat huquqlarining bir qismini xususiy investorlarga sotish rejasini ishlab chiqmoqda. Bu sxema orqali u oʻnlab million funt sterling miqdorida daromad olishi mumkinligi haqida The Times nashri xabar berdi.
Rejaga koʻra, FIFAning eng nufuzli musobaqalari – erkaklar va ayollar oʻrtasidagi jahon chempionati hamda klublar oʻrtasidagi jahon chempionati toʻliq nazorat qilinadigan alohida kompaniya ixtiyoriga oʻtadi. Mutaxassislar bu qadam kelgusida ushbu musobaqalarni yanada kengaytirish yoki ularni hozirgidek toʻrt yilda bir emas, balki tez-tez oʻtkazish boʻyicha bosim kuchayishiga olib kelishi mumkinligini taʼkidlamoqda.

Nashr manbalariga koʻra, loyiha doirasida AQSh prezidenti Donald Tramp maʼmuriyatiga yaqin shaxslar bilan ham maslahatlashuvlar oʻtkazilgan.
FIFA maʼlumotiga koʻra, Joshua Kushnerga tegishli Thrive Capital kompaniyasi taklif etilayotgan investorlar guruhini boshqarishi kutilmoqda, moliyaviy maslahatchi sifatida esa JP Morgan jalb etiladi. Joshua Kushner – Trampning kuyovi Jared Kushnerning ukasi. Loyiha amalga oshsa, FIFAga aʼzo 211 ta milliy assotsiatsiyaning har biri taxminan 20 million dollar atrofidagi ulushga ega boʻlishi mumkin. Infantino esa yangi tashkil etiladigan kompaniyaning komissari lavozimini egallashi ehtimol qilinmoqda.
"Bu futbolni boshqaruvchi tuzilmalar hech qachon bosib oʻtmasligi kerak boʻlgan chegaradan oʻtishdir. UEFA bu masalaga juda jiddiy yondashmoqda, – deyiladi Evropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) matbuot xizmati bayonotida. – Xoʻsh, xuddi shunday munosabatni milliy futbol assotsiatsiyalari va barcha manfaatdor tomonlar: ligalar, klublar, futbolchilar, muxlislar, hukumatlar va ushbu oʻyin kelajagiga befarq boʻlmagan har bir kishi ham namoyon etishi kerak. Futbolning ruhi va uni boshqarish tizimi savdo uchun qoʻyiladigan aktiv emas, ayniqsa kim aniq moliyaviy foyda olayotgani mutlaqo oshkor etilmayotgan bir sharoitda. Futbol hech qaysimizga tegishli emas, u FIFA mulki ham emaski, sotuvga qoʻyilsin".
"Futbol – dunyoda eng ommaviy sport turi, inson va jamiyat taraqqiyotining kuchli harakatlantiruvchi omillaridan biri, – dedi Infantino. – Ayrim yoʻnalishlarda bu ommaviylik katta tijorat qiymatiga aylandi. Biz bu yutuqni qoʻllab-quvvatlaymiz va uning saqlanib qolishini istaymiz, chunki bu butun futbol taraqqiyotiga xizmat qiladi. Biz uchun eng muhim vazifa – futbolning boshqa barcha tarkibiy qismlari ham shu bilan birga rivojlanib borishini taʼminlash. FIFAning vazifasi – er yuzining har bir nuqtasida barqaror va barcha uchun ochiq rivojlanishni qoʻllab-quvvatlashdir".
Maʼlumki, 2026 yilgi jahon chempionatida ilk bor 48 ta terma jamoa ishtirok etdi. Infantino avvalroq Blue Sport portaliga bergan intervyusida FIFA kelgusida jahon chempionatida qatnashuvchi jamoalar sonini 64 tagacha oshirish imkoniyatini koʻrib chiqishi mumkinligini maʼlum qilgan edi.