Oʻzbekiston bilan boʻladigan oʻyin oldidan Ronalduga qattiq talab qoʻyildi
Portugaliya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Roberto Martines jahon chempionati oldidan etakchi futbolchisi Krishtianu Ronalduning jismoniy holati va oʻyini haqida fikr bildirdi.

Ayni paytda AQSh, Meksika va Kanada yashil maydonlari mezbonlik qiladigan jahon chempionatida ishtirok etadigan jamoalar tayyorgarlikning soʻnggi bosqichiga kirishmoqda.
Mundialda ilk marotaba ishtirok etadigan Oʻzbekiston milliy terma jamoasi “K” guruhida Kolumbiya, Portugaliya va Kongo Demokratik Respublikasi jamoalari bilan raqobatlashadi.
Guruh favoriti hisoblangan Portugaliya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Roberto Martines jahon chempionati oldidan etakchi futbolchisi Krishtianu Ronalduning jismoniy holati va oʻyini haqida fikr bildirdi.

Martines Saudiya Arabistoni chempionatidagi “An-Nasr” va “Al-Hilol” (1:1) oʻrtasidagi markaziy uchrashuvni kuzatdi. U milliy jamoaning bir nechta futbolchilari, jumladan Ruben Nevesh, Joau Feliks va Krishtianu Ronalduning harakatlarini diqqat bilan tomosha qilib, ularni baholadi.
- Krishtianu hali ham gʻalaba qozonish uchun ulkan ishtiyoqqa ega va men uning Saudiya Arabistoniga koʻchib oʻtganidan keyin darajasi pasayganini koʻrmayapman. U juda yaxshi oʻynamoqda va Portugaliya terma jamoasi uchun naqadar muhim ekanini isbotladi. Barcha yutuq va muvaffaqiyatlardan keyin ham Ronaldu yuqori darajadagi ishtiyoqini saqlab qolgan, - dedi Roberto Martines.
Shu bilan birga, murabbiy oʻtmishdagi xizmatlar avtomatik ravishda tarkibdan joy kafolatlamasligini ham taʼkidladi.
- Faqat yutuqlarning oʻzi terma jamoadan joy olish uchun etarli boʻlmaydi. Futbolchi jamoaga muvaffaqiyat qozonishda yordam berishi kerak. Ronaldu terma jamoa sardori ekani va ajoyib natijalarga erishganiga qaramay, boshqa har qanday futbolchi kabi bir xil majburiyatlarga ega, - deya qoʻshimcha qildi bosh murabbiy.
Roberto Martines 2026 yilgi jahon chempionati uchun Portugaliya terma jamoasining yakuniy tarkibini 19 may kuni eʼlon qilishi kutilmoqda. Agar Krishtianu Ronaldu roʻyxatga kiritilsa, bu uning faoliyatidagi oltinchi jahon chempionati boʻladi.
Portugaliya milliy terma jamoasi jahon chempionatidagi ishtirokini AQSh vaqti bilan 17 iyun kuni Kongo Demokratik Respublikasi milliy terma jamoasiga qarshi oʻyin bilan boshlaydi. Shuningdek, guruh bosqichida Oʻzbekiston va Kolumbiya futbolchilariga qarshi ham bahs olib boradi.
Futbol ekspertlari portugaliyalik futbolchilarning salohiyatini yuqori baholab, jahon kubogiga asosiy daʼvogarlar safiga qoʻshmoqda. 41 yoshli Krishtianu Ronaldu faoliyati davomida jahon chempionatidan boshqa barcha nufuzli sovrinlarni qoʻlga kiritib boʻlgan.
Ronaldu xalqaro miqyosda Portugaliya terma jamoasi uchun 226 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini 143 marotaba ishgʻol qilgan. Har ikki koʻrsatkich ham jahon rekordi hisoblanadi.