O'zbekiston sportideSport Tahririyati 14

FIFA reytingi: Mundialdan keyin Oʻzbekiston qay ahvolga keldi?

FIFA terma jamoalarning yangilangan reytingini eʼlon qildi. Unda Oʻzbekiston milliy jamoasi 10 pogʻonaga pastlab, 60-oʻrinni egalladi.

FIFA reytingi: Mundialdan keyin Oʻzbekiston qay ahvolga keldi?

FIFA reytingi: Mundialdan keyin Oʻzbekiston qay ahvolga keldi?

2026 yilgi jahon chempionati yakunlanganidan keyin FIFA terma jamoalarning yangilangan reytingini eʼlon qildi. Unda Oʻzbekiston milliy jamoasi 10 pogʻonaga pastlab, 60-oʻrinni egalladi. Ayni paytda Fabio Kannavaro boshqaruvidagi jamoa hisobida 1409,73 ochko mavjud.

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi soʻnggi yangilanishda 23,11 ochko yoʻqotdi. Bunga oʻziga yarasha sabablar bor. Fabio Kannavaro shogirdlari mundial oldidan Kanada va Niderlandiyaga qarshi oʻtkazilgan oʻrtoqlik uchrashuvlarda raqiblariga imkoniyatni bor berdi.

2026 yilgi jahon chempionatidagi muvaffaqiyatsiz ishtirok ham reyting tushishiga sabab boʻldi. Oʻzbekiston milliy terma jamoasi mundialning guruh bosqichidagi uchta rasmiy uchrashuvda Kolumbiyaga (1:3), Portugaliyaga (0:5) va Kongo Demokratik Respublikasi futbolchilariga (1:3) magʻlub boʻlib, musobaqani gʻalabasiz yakunladi. Shu bilan birga Kanada hamda Niderlandiyaga qarshi oʻrtoqlik uchrashuvlaridagi magʻlubiyatlar ham reytingga oʻz taʼsirini oʻtkazgan.

Osiyo terma jamoalari orasida Yaponiya 17-oʻrin bilan etakchilikni saqlab qoldi. Undan keyingi oʻrinlarni Eron (22), Avstraliya (28) va Janubiy Koreya (32) egalladi. Oʻzbekiston 60-oʻrin bilan qitʼada ettinchi boʻlib turibdi. Saudiya Arabistoni (58) va Qatar (59) vakillarimizdan yuqorida joylashgan boʻlsa, Iroq (63), BAA (68) hamda Iordaniya (73) Oʻzbekistondan keyingi oʻrinlarni band etgan.

Jahon chempioniga aylangan Ispaniya oʻz hisobiga 30,27 ochko qoʻshib, 1995,88 ochko bilan FIFA reytingida birinchi oʻrindan joy oldi. Avvalgi peshqadam Argentina ikkinchi, Frantsiya uchinchi, Angliya toʻrtinchi va Braziliya beshinchi pogʻonadan joy oldi.

Yangilangan FIFA reytingi (top-15):

Ispaniya — 1995,88 (+30,27)

Argentina — 1970,37 (0,00)

Frantsiya — 1948,97 (0,00)

Angliya — 1922,83 (+33,41)

Braziliya — 1804,92 (0,00)

Marokash — 1803,99 (0,00)

Portugaliya — 1787,85 (0,00)

Belgiya — 1778,36 (0,00)

Niderlandiya — 1775,54 (+0,04)

Meksika — 1754,30 (0,00)

Kolumbiya — 1739,89 (0,00)

Germaniya — 1726,22 (0,00)

Xorvatiya — 1723,05 (0,00)

Shveytsariya — 1710,88 (0,00)

Italiya — 1704,73

Shuni ham qayd etish kerakki, yangilangan reytingda Norvegiya 12 pogʻona koʻtarilib, eng katta oʻsishni qayd etdi. Tunis esa 12 pogʻona pastlab, eng katta pasayishga uchradi. Ispaniya eng koʻp reyting ochkosini (+121,17) jamgʻargan boʻlsa, Panama eng koʻp ochko (-60,74) yoʻqotgan jamoaga aylandi.

Manba:Sports.uz
Ulashish: