Abduqodir Husanov "Manchester Siti" bilan yangi shartnoma imzoladi
O'zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov "Manchester Siti" klubi bilan 2031 yilgacha yangi shartnoma imzoladi.

O'zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov o'zi o'ynab kelayotgan "Manchester Siti" klubi bilan yangi shartnoma bo'yicha kelishuvga erishdi.
The Athletic nashrining xabar berishicha, yangi kelishuv muddati 2031 yilgacha mo'ljallangan.
22 yoshli o'zbekistonlik futbolchi o'tgan mavsumning birinchi yarmida jamoaning eng zaif nuqtasi hisoblangan o'ng qanot himoyasida ishonchli o'ynadi. Chempionatning ikkinchi yarmida esa asosiy markaziy himoyachilardan Ruben Diash va Yoshko Gvardiol jarohat olganidan so'ng mudofaa boshqaruvini o'z zimmasiga oldi.
Husanov qisqa fursatda jamoadagi asosiy figuraga aylandi. Qishda Manchesterga taklif etilgan Mark Gexi bilan birga Angliya Premer-ligasida eng kuchli himoya duetini tashkil qildi.

Mavsum oxirida "Manchester Siti" rahbariyati futbolchining o'sishini yangi bitim bilan mukofotlashi haqida ma'lumotlar chiqa boshlagan edi. Biroq bu masala 2026 yilgi jahon chempionatidan keyingi muddatga qoldirilgandi.
O'zbek futbolchininsh hozirgi amaldagi shartnomasi 2029 yilgacha davom etadi, ammo yaqin kunlarda uni yana ikki yilga uzaytirish rejalashtirilgan.
Capology portali avvalroq Husanovning "Manchester Siti" klubidagi maoshi haqidagi ma'lumotlarni e'lon qilgan edi. Futbolchi Angliyada yiliga 3,8 million evro ishlaydi.
"Manchester Siti" bilan 2029 yilning 30 iyunigacha imzolangan eski shartnoma davomida Abduqodir jami 15,2 million evro ishlab topishi belgilangan. Bu summa klub o'zbek futbolchisi bilan kelishuvni yangilaganda o'zgaradi, ya'ni oshirilishi kutilmoqda.
O'tgan mavsumda Abduqodir Husanov "Manchester Siti" tarkibida 37 ta o'yin o'tkazdi va jamoaga Angliya kubogi hamda Angliya ligasi kubogini qo'lga kiritishda yordam berdi.
Iste'dodli futbolchi bu yozda O'zbekiston futboli tarixida ilk bor jahon chempionatida terma jamoa sharafini himoya qildi.