Mbappé – FIFA reytingiga koʻra JCh-2026da eng yaxshi hujumchi, Olise – eng yaxshi pleymaker, Messi – har ikki toifada ham uchlikda
FIFA 2026 yilgi jahon chempionatida maydonga tushgan futbolchilarning oʻyinini statistik koʻrsatkichlar asosida baholab, eng yaxshi oʻyinchilar reytingini eʼlon qildi.

FIFA 2026 yilgi jahon chempionatida maydonga tushgan futbolchilarning oʻyinini statistik koʻrsatkichlar asosida baholab, eng yaxshi oʻyinchilar reytingini eʼlon qildi.
Turnirda ishtirok etgan barcha maydon oʻyinchilari uchta yoʻnalish boʻyicha 0 dan 10 gacha baholandi: hujumdagi harakatlar, yaratuvchanlik (hujumni tashkil etish) va himoyadagi oʻyin. Darvozabonlar esa toʻpni nazorat qilish va darvozaga himoya koʻrsatkichlari boʻyicha alohida baholandi.

Frantsiya terma jamoasi hujumchisi Kilian Mbappé hujumkor oʻyinchilar orasida etakchi boʻldi. U jahon chempionati davomida hujumdagi harakatlari uchun 9,12 ball toʻpladi. Mbappé 8 uchrashuvda 10 ta gol urib, musobaqaning eng yaxshi toʻpurariga aylandi.
Ikkinchi oʻrinni Angliya terma jamoasi yarim himoyachisi Jud Bellingem egalladi – u 8 oʻyinda 7 ta gol urib, 8,29 ball yigʻdi. Uchinchi pogʻonaga esa Argentina terma jamoasi hujumchisi Lionel Messi koʻtarildi: u 8 oʻyinda 8 ta gol urib, 8,06 ballga ega boʻldi.
Yaratuvchan oʻyinchilar reytingida Frantsiya terma jamoasi vingeri Maykl Olise peshqadamlik qildi. U hujumlarni rivojlantirish va golli vaziyatlar yaratish boʻyicha 8,29 ball oldi. Olise 7 ta golli uzatma amalga oshirib, JCh-2026ning eng yaxshi assistenti sifatida qayd etildi.
Ushbu toifada ikkinchi oʻrin Lionel Messiga (8,26), uchinchi oʻrin esa Kilian Mbappega (7,84) nasib etdi.
Himoyaviy oʻyin boʻyicha reytingda Ispaniya terma jamoasi yarim himoyachisi Rodri birinchi oʻrinni egalladi – uning koʻrsatkichi 8,23 ballni tashkil etdi. Kuchli uchlikka yana ikki ispaniyalik himoyachi – Pau Kubarsi (7,6) va Pedro Porro (7,59) ham kirdi.
Darvozabonlar orasida himoyaviy harakatlar boʻyicha eng yaxshi natijani Portugaliya terma jamoasi posboni Diogu Koshta qayd etdi: u 5 oʻyinda 19 marta darvozani qutqarib qoldi va 8,44 ball toʻpladi. Toʻpni nazorat qilish boʻyicha esa Angliya terma jamoasi darvozaboni Jordan Pikford eng yaxshi koʻrsatkichga ega boʻldi.