Husanov APLni qanday hayratga soldi?
Angliya Premer-ligasining rasmiy akkaunti Abduqodir Husanovning kuchli jihatlaridan birini e'tirof etdi.

Jahon futbolining eng nufuzli va murakkab chempionati - Angliya Premer-ligasining rasmiy X-akkaunti «Manchester Siti» tarkibida toʻp suruvchi oʻzbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanovning kuchli jihatlaridan birini alohida eʼtirof etdi.
Liga akkaunti oʻzbekistonlik futbolchining oʻyinlar davomidagi eng taʼsirli epizodlaridan toʻplangan videolavhani eʼlon qilib, uni «Abduqodir Husanov — juda tezkor» deb izohladi va chaqmoq belgisi emodzisini qoʻshdi.

Videolavhani quyida tomosha qilish mumkin.
Eslatib oʻtamiz, Husanov 2025 yilning yanvar oyidan buyon «Manchester Siti» sharafini himoya qilib kelmoqda. Manchesterliklar oʻzbekistonlik yosh himoyachi uchun Frantsiyaning «Lans» klubiga 40 million evro toʻlagan edi.
Qisqa vaqt ichida oʻzining yuksak salohiyatini namoyish qilgan Abduqodir ayni paytda jamoaning asosiy futbolchilaridan biri hisoblanadi.
Oʻtgan mavsumda Abduqodir Husanov klub safida barcha musobaqalar doirasida 37 ta oʻyinda maydonga tushdi, ammo gol yoki golli uzatma bilan ajralib tura olmadi.
Ammo Abduqodir Husanov oʻtgan mavsumda Angliya kubogi va Angliya ligasi kubogi turnirlarda gʻolib chiqib, Evropadagi faoliyati davomidagi ilk nufuzli sovrinlariga ega boʻldi.
Shundan soʻng Abduqodir Oʻzbekiston terma jamoasi bilan jahon chempionatida ishtirok etdi — terma jamoa uch uchrashuvning barchasida magʻlubiyatga uchradi va pley-off bosqichiga yoʻl ola olmadi.
Shunga qaramay, Husanov mundialning eng tezkor futbolchilari reytingida yuqori oʻrinlarda qayd etildi. Bundan tashqari, Abduqodir futbol ishqibozlari eng koʻp kuzatgan futbolchilar reytingida ham yuqori qatorlardan joy oldi.