Bu futbolchi sotilmaydi! Manchesterliklarning qarori qatʼiy
Manchester Yunayted Amad Dialloni sotish imkoniyatini istisno qildi. Bosh murabbiy Maykl Kerrikning yangi mavsum uchun rejalarida Amad muhim oʻrin tutadi.

Yangi mavsumda Evropa Chempionlar ligasida ishtirok etadigan “Manchester Yunayted” bu yozda oʻzining qanot hujumchisi Amad Dialloni sotish imkoniyatini istisno qildi.
Yaqinda matbuotda Amadga “Nyukasl” qiziqayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Klub “Barselona”ga sotilgan Entoni Gordonning oʻrniga yangi futbolchi izlamoqda.

Biroq jurnalist Fabritsio Romanoning taʼkidlashicha, “Manchester Yunayted” 24 yoshli ivuarlik futbolchiga boʻlgan har qanday qiziqishni rad etadi. Chunki u bosh murabbiy Maykl Kerrikning yangi mavsum uchun rejalarida muhim oʻrin tutadi.
“Manchester Yunayted” yana yanvar oyidayoq Amadning vakillari bilan bogʻlanib, futbolchini sotish rejasi yoʻqligini maʼlum qilgan. Uning shartnomasi 2030 yilgacha amal qiladi va yana 12 oyga uzaytirish imkoniyati ham mavjud.
Oʻtgan mavsum Amad Angliya Premer-ligasida 32 uchrashuvda ishtirok etib, 2 ta gol urdi va 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi.