Connect with us

Retro

Xirosimadagi chempionlikka 26 yil to’ldi

Published

on

Bundan roppa-rosa 26 yil avval Yaponiyaning Xirosima shahri mezbonligida Osiyo o’yinlarida O’zbekiston milliy terma jamoasi bosh sovrinni boshi uzra baland ko’targan edi.

Katta yoshli futbol muxlislarning va xalqimizning yodida bu kun o’chmas iz qoldirgan desak mubolag’a bo’lmaydi. CHindan ham mazkur turnirda debyutant sifatida ishtirok etayotgan terma jamoamiz azolari haqiqiy iroda va matonat ko’rsatishgan. Ayniqsa, o’sha paytda muntazam ravishda mundiallarda ishtirok etib kelgan Saudiya darvozasiga urilgan to’rtta gol (4:1) mahalliy ishqiboz va jurnalistlarning etiborini tortib ulguradi. Hali mustaqil bo’lganiga va FIFAga kirganiga ko’p bo’lmagan jamoaning musobaqani bunday yurish bilan boshlashi haqiqatdan ham kutilmagan hodisa sifatida tilga olinadi. Navbatdagi Malayziya bilan o’yinni ko’rgani OFK bosh kotibi Dito Vellopan ham paydo bo’lgani ko’p narsani anglatardi. Malayziya to’sig’idan o’tib olgan vakillarimiz guruh bosqichining qolgan o’yinlarida Gonkgong(1:0), Tailand(5:4)dan ustun kelishadi. CHorak finalda esa qo’shnilar Turkmaniston mag’lub etiladi(3:0). Yarim finalda Yuriy SHeykinning to’p yo’lig’a g’ov bo’lishi, himoyachilarning ishonchli harakatlari, Azamat Abduraimovning bitta zarbasi va goli bizga 1:0 hisobidagi g’alabani tortiq qilgandi. Terma jamoamizning avvalgi uchrashuviga 25000 tomoshabin kelgan bo’lsa, Koreya bilan o’yinni 40000 muxlis bevosita stadiondan kuzatib borgani bu o’yinga etibor kuchli bo’lganidan dalolat beradi.


Ushbu tarixiy o’yinni Rustam Akramov quyidagicha eslaydi: “Nihoyatda hayajonli o’yin bizga muhim g’alaba keltirganidanmi yoki yigitlarimizning o’ziga xos jang maydonida qahramonlik va mardlik ko’rsatganlaridanmi, bilmadim, har holda kechasi bilan uhlay olmadim. Tonggi soat beshlarda mehmonhona ro’parasidagi bog’da sayr qila boshladim. Bir vaqt ro’paramdan Koreya terma jamoasi bosh murabbiyi Anatoliy Bishovec kelyapti. Uning kechqurun ko’karib ketgan yuzi hali ham o’ziga kelgani yo’q. U yonimga keldi va qo’l siqib tabriklab tezda xonasi tomon yurib ketdi. SHu lahzalarda unga achinib ketdim. Koreya bilan o’yinda Birodar Hasanovich bilan tanlagan yo’limiz to’g’ri bo’lib chiqdi. Futbolchilarimiz bizni uyaltirishmagani xursand qildi”. Final uchrashuvidan oldin mashhur mutaxassis, Quvayt terma jamoasi ustozi Valeriy Lobanovskiy “Sizlar Koreyani dog’da qoldirdinglar, finalda Xitoyni bemalol yutishingiz mumkin”,- deb bashorat qilgan edi.

Hal qiluvchi pallada Lobanovskiyning taxminlari to’g’ri chiqdi. CHin yurti vakillarini 4:2 hisobida yutgan hamyurtlarimiz o’zlari qatnashgan ilk musobaqada zafar quchishgandi. O’shanda vatanamiz bayrog’ini SHuhrat Maqsudov maydon uzra hilpiratgani ko’pchilikning yodida bo’lsa kerak. Musobaqa yakunida Mirjalol Qosimov, Igor SHkvirin, Yuriy SHeykinga mahsus sovrinlar topshirildi. Aynan shu turnirdan keyin Sergey Lebedov Jahon terma jamoasiga taklif etilgani, ko’plab futbolchilarimizga bir qator xorijning kuchli jamoalaridan takliflar tushgani diqqatga sazovordir. Afsuski, bugun g’alabaga munosib hissa qo’shgan Ulug’bek Ro’zimov, Yuriy SHeykin biz bilan birga emas.


Milliy terma jamoamizni bosh murabbiy sifatida musobaqaga olib borgan Rustam Akramov keyingi intervyularida yana shunday degan edi.
“1992 yil milliy jamoani qabul qilib olgan vaqtimda mutasaddilardan uch yil muddat, yani birinchi yirik musobaqa yakuniga qadar vaqt so’raganman. Buning uchun uch yilga mo’ljallangan dastur ishlab chiqqanman. Men bu dasturni to’liqligicha amalga oshirdim deb ayta olaman: shogirdlarim 1994 yil aprel oyida “Toshkent turniri”, sentyabrda Mustaqillik kubogi va oktyabrda esa Osiyo o’yinlari g’olibi bo’lishdi”.

Manbaga ko’ra Xirosimadagi g’oliblikdan keyin terma jamoaning barcha azolariga vada qilingan Tiko avtomobilidan besh donasi berilgan va qolganlarga 1,5 ming dollar atrofida mukofot puli va faxriy yorqliqlar taqdim qilingan.

Osiyo o’yinlari g’oliblarini yana bir bor eslatib o’tamiz. Yuriy SHeykin, Berdah Allaniyozov, Aleksandr Tixonov, Abduqahhor Marufaliev, Andrey Fyodorov, Ulug’bek Ro’zimov, Abdusamad Do’rmonov, Farhod Magometov, Rustam Do’rmonov, Fevzi Davletov, Stepan Atoyan, Ilhom SHaripov, Mirjalol Qosimov, Sergey Lebedov, Azamat Abduraimov, Igor SHkvirin, SHuhrat Maqsudov.

Manba: Championat.asia

Total Page Visits: - Today Page Visits: