Connect with us

Futbol

Osiyo Futbol Konfederatsiyasi 2020 yilgi futbol mavsumi natijalari klublar reytingida inobatga olinmasligini e’lon qildi

Published

on

Ayni vaqtda Qatarning Doxa shahrida OFK chempionlar ligasining guruh bosqich o‘yinlari davom etmoqda. Lekin OFKning klublar uchun mo‘ljallangan ikkinchi musobaqasi – OFK Kubogining bu yilgi mavsumi o‘tkazilmaydigan bo‘ldi. 

Bugungi sharoitda barcha mamlakatlardagi vaziyatni hisobga olgan holda va eng muhimi, futbolning virus tarqalishiga sabab bo‘lib qolmasligini asosiy shart sanab, OFK xalqaro musobaqalarni bosqichma bosqich tiklashni maqsad qilib belgiladi. Shuning uchun terma jamoalarning barcha o‘yinlari, shu jumladan O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati keyingi yilga qoldirildi. 2020 yil taqvimida faqat bitta musobaqa – OFK chempionlar ligasi davom ettiriladigan bo‘ldi.

Shunga ko‘ra, agar 2020 yil futbol mavsumi natijalari umumiy reytingda hisobga olinadigan bo‘lsa, OFK Kubogida ishtirok etuvchi mamlakatlarning ballari OFK chempionlar ligasida ishtirok etadigan mamlakatlarnikidan farq qilmasin degan maqsadda, OFK musobaqalarni o‘tkazish qo‘mitasi 2020 yilgi futbol mavsumi natijalari klublar reytingida inobatga olinmaydi degan qaror qabul qildi.

Bu qaror OFK ijroiya qo‘mitasi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

2021-2022 yillar mavsumi uchun, avval e’lon qilinganidek, 2019 yil natijalari asosida tuzilgan reyting amal qiladi va unga ko‘ra O‘zbekiston G‘arbiy Osiyo mintaqasida 6-o‘rinni egallagan holda klublar musobaqalarida quyidagi yo‘llanmalarga ega bo‘ladi:

OFK Chempionlar ligasi: 1+1 (guruh bosqichida bitta, pley-off bosqichida bitta jamoa) 

OFK Kubogi: 1 (guruh bosqichida bitta jamoa)

2023 yildagi o‘rinlar taqsimoti 2021 yil mavsumi natijalariga binoan taqsimlanadi va shu tartibda davom etadi (ya’ni 2024 yil uchun 2022 yil mavsumi natijalari, 2025 yil uchun 2023 yil mavsumi natijalari va hokazo).

Biz “Paxtakor”ga keyingi o‘yinlarda omad tilaymiz va mamlakat uchun natija ko‘rsatish bosimidan xalos bo‘lganlarini, qolgan uchrashuvlarda erkin harakat qilishlari mumkinligini eslatmoqchimiz.

Jamoliddin Bobojonov

Manba: Tribuna.uz

Total Page Visits: - Today Page Visits: