FutbolYangiliklar

«Bunyodkor» Rossiya Premer ligasi azosi bilan hamkorlikni boshlaydi

Kuni kecha Rossiya sanoat va savdo vaziri Denis Manturov boshchiligidagi delegaciya yurtimizga tashrif buyurdi.

Tashrifdan  ko’zlangan asosiy maqsad 5-7 aprel kunlari Toshkentdagi «O’zekspomarkaz» milliy ko’rgazmalar markazida o’tkaziladigan xalqaro sanoat ko’rgazmasida ishtirok etish. Unda ishtirokchi mamlakatlar va kompaniyalar o’rtasida sanoat kooperaciyasini kengaytirish, sanoatni rivojlantirish va qo’shma korxonalar tashkil etishning yangi imkoniyatlarini ko’rib chiqiladi. 

Kecha Toshkent shahar hokimligi huzuridagi jamoatchilik kengashi sport sektori rahbari Dilshod Haitmetov hamrohligida Sverdlovsk viloyati jamoat palatasi raisi, o’z vaqtida «Ural» futbol klubida vice-prezident lavozimida faoliyat yuritgan Levin Aleksandr Yurevich «Bunyodkor» futbol klubiga tashrif buyurdi. Mehmonlarni «Bunyodkor» direktori Ulug’bek Mirzaev kutib oldi

Martabali mehmon tashrifni «Bunyodkor» akademiyasidagi sharoitlar bilan tanishishdan boshladi. So’ng asosiy jamoaning mashg’ulotlarini kuzatgan rossiyalik mehmonlar «Bunyodkor» stadioni va muzeyini ham ko’zdan kechirishdi. Klub direktori, Aleksandr Yurevichni o’zbek futboli bilan tanishtirar ekan, o’z navbatida martabali mehmon o’z zukkoligi bilan mezbonlarni ajablantirdi. Yani u sobiq Ittifoq chempionatida mamlakat etakchilarining «bosh og’rig’i» bo’lgan xalq jamoasi – «Paxtakor» va uning o’yinchilarini, xususan, Gennadiy Krasnickiy haqida yaxshi bilishini aytib o’tdi. Qolaversa, mustaqillik yillarida o’zbek futboli erishgan yutuqlarini ham esladi. SHuningdek, o’z vaqtida jahon yulduzlari Krishtianu Ronaldu va Lionel Messining Toshkentga tashrifi, Rivaldo kabi «Oltin to’p» sohibini «Bunyodkor» libosida to’p surganini ham yod oldi.

Malum muddat Rossiya premer ligasi ishtirokchisi bo’lgan  jamoada vice-prezident lavozimida ishlagan, katta futbolning havosini tushungan Aleksandr Yurevich bilan «Bunyodkor» va «Ural»ning o’zaro hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi. Xususan, har ikkala klubning akademiya jamoalari navbati bilan Toshkent hamda Ekaterinburg shaharlariga tashrifini amalga oshirish bo’yicha kelishib olindi. Xabaringiz bor, 2020 yil «Bunyodkor» tashkil topganiga 15 yil bo’ldi. Katta tantanalar bilan nishonlash maqsad qilingan mazkur yubiley pandemiya sababli qoldirilgan edi. Aleksandr Yurevich bilan uchrashuv chog’ida 15 yillik yubiley yana esga olindi va tadbirga «Ural» jamoasining asosiy tarkibi kelishi bo’yicha dastlabki muzokaralar o’tkazildi. Ahamiyatlisi, Aleksandr Yurevich o’z safida turli terma jamoalarning azolari bo’lgan «Ural»ning Toshkentga to’liq tarkib bilan kelishini xohlashini aytib, mazkur tadbirni FIFA kunlarida o’tkazmaslikni so’radi. Aks holda asosiy o’yinchilar terma jamoalariga jo’nab ketishi bois, O’zbekistonga eng kuchli tarkib bilan kela olmasligini takidladi. 

Uchrashuv yakunida rossiyalik mehmon Ulug’bek Mirzaev boshchiligidagi «Bunyodkor» delegaciyasini Ekaterinburgga taklif qildi.

Mavzuga oid yangiliklar

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Back to top button