Futbol

Vadim Abramov: «Gananing qaysi tarkibi kelsa ham baribir kuchli raqib. «Mersedes»ni bolalar uyiga topshirishga tayyorman» (to’liq)

O’zbekiston – Gana o’rtasidagi o’rtoqlik uchrashuvidan oldingi matbuot anjumanida Vadim Abramov va Otabek SHukurov ishtirok etishdi.


– Superliganing eng yaxshi himoyachilaridan biri Husniddin Aliqulov nega terma jamoaga chaqirilmagan?

– O’tgan yig’inda uni terma jamoaga chaqirgandik. «SHaxtyor» klubiga qarshi bahsda debyut qilgandi, tan olish kerak u qadar muvaffaqiyatli chiqmadi. Ayni paytda O’zbekiston U-23 terma jamoasi Turkiyada xalqaro musobaqada qatnashmoqda va Aliqulov o’sha jamoada o’yin amaliyotiga ega bo’lishini to’g’ri deb topdik. Uning harakatlariga baho beramiz. Milliy terma jamoaga yangi ikki markaziy himoyachini jalb qildik, Husniddinni chaqirib zaxirada o’tirishini noto’g’ri deb hisobladik.

«O’yinga qiziqish juda baland. CHunki bu Gana terma jamoasi. Kayfiyat ancha yaxshi. Inshaalloh g’alaba qozonib yuzimiz yorug’ bo’lishini istaymiz», – deydi Otabek SHukurov.

– Ertangi raqib Gana terma jamoasining asosiy tarkibi emas. Bu jamoani o’zingiz tanladingizmi yoki O’FA taklif qildimi. Bundan kuchliroq jamoaga qarshi o’ynash yaxshi bo’lmasdimi?

– Albatta kuchliroq jamoa bilan o’ynashni xohlaymiz. Karantin tufayli barchaga hozir juda qiyin. Evropada JCH saralash bahslari start oldi va u erdan raqib topib bo’lmasdi. Gana kuchli jamoa, uning qaysi jamoasi bo’lsa ham kuchli deb o’ylayman. Biz ham oldingi yig’inlarda legionerlarsiz ishtirok etdik va terma jamoamiz B yoki V deb atamadik. SHu bois Gana milliy chempionatida o’ynayotgan futbolchilardan iborat terma jamoaga qarshi o’yin ancha qiyin bo’ladi. Sababi ular top klublarga o’tishni xohlashadi. Tojikiston yoki Qirg’iziston bilan o’ynasak nima uchun kuchliroq jamoa bilan o’ynamaymiz deyishadi. Gana kelsa undan ko’ra Tojikiston bilan o’ynaganimiz yaxshi edi deyishadi. O’FAga Gana bilan o’yinni tashkil qilib bergani uchun rahmat aytaman.


– Har yig’inda yangi murabbiylar kelmoqda. Bunga nima sabab bo’lmoqda?

– Bunga asosiy sabab: terma jamoa murabbiylari klubda ishlashi mumkin emas deyildi. Kapadze terma jamoa shtabini tark etdi. Jismoniy tayyorgarlik bo’yicha Antonio Sarioglugni taklif qildik. Anvar G’ofurov yaqinda futbolchilik faoliyatini tugatdi va uni terma jamoaga taklif qildim. Undan yaxshi murabbiy etishib chiqadi deb o’ylayman.

– Mart oyidagi o’yinlar uchun chaqirilgan futbolchilar ro’yxatida bor bo’lgan 7 nafar futbolchi chaqiruv olmadi va uning o’rniga boshqa futbolchilar keldi. Bunga nima sabab bo’ldi?

– Agar diqqat bilan kuzatsangiz bu ro’yxat Superliga 3-turi tugamay chiqarilgandi. Ro’yxatdan tushib qolgan futbolchilarning barchasi 3-turda jarohat oldi va ulraning o’rniga boshqalarni chaqirdik.

– JCH saralashi doirasidagi 3ta o’yindan oldin sizni o’ylantirayotgan narsa nima? Aziz Haydarov yaqinda intervyu berdi va bir vaqtlar tashkilotchilik bo’yicha muammolar bo’lganini aytib o’tgandi.

– O’yinlar Saudiya Arabistonida o’tishi haqida nima deyishim mumkin? Yozda bu erda ob havo qanday bo’lishini men bilaman. SHunchaki tribunada o’tirsangiz terlab ketasiz, maydonga tushib 90 daqiqa o’ynashni aytmay qo’yaqolay. Yozda Saudiya Arabistoni milliy chempionat o’yinlarini ham o’tkazmaydi. Biroq OFK baribir Saudiya Arabistonini tanladi. Agar bittagina o’yin bo’lsa tushunardim, ammo qisqa vaqt ichida 3ta o’yin o’tkazishimiz kerak. Janubiy Amerikadagi qaysidir davlatda, Boliviyada tog’da futbol o’ynashganda barcha shovqin ko’targandi. Ammo Osiyoda hech kim issiqda futbol o’ynashga qarshi emas.



– Agar yozgacha Odil Ahmedovni terma jamoada ko’rmasak o’yin kimning atrofida quriladi?

– Ha bu ham muammolarimizdan biri. CHunki Odil Ahmedov anchadan buyon rasmiy o’yinlarda ishtirok etmayapti. Eshitishimga qaraganda Ahmedov yangi klub bilan shartnoma tuzdi va yozgacha umid qilamanki o’yin amaliyotiga ega bo’ladi. Agar yozgacha baribir u etarli formada bo’lmasa tarkibda Odilning o’rnini bosa oladigan futbolchilar bor. Ikrom Aliboev operaciya stoliga yotdi va «Seul»dan ketdi. U Koreya birinchi ligasi klubiga ko’chib o’tmoqda. Yozgacha u ham ko’proq o’ynasa yaxshi bo’lardi. Jamshid Iskanderov ham o’yin amaliyotiga ega bo’lmayapti. Azizjon G’aniev afsuski jarohat tufayli yarim yilga safdan chiqdi. Muammolarni ijobiy hal qilishga urinamiz.

– Milliy terma jamoamiz yig’inlari FIFA kunlaridan tashqariga chiqib ketadi. Bu esa PFL taqvimiga tasir qiladi. Kuchli chempionat orqali kuchli terma jamoa degan fikrga qanday qaraysiz?
– Menga bundan oldin qachon FIFA kunlari bo’lmagan paytda yig’ilganimizni ayta olasizmi? Faqat pandemiya vaqtida chempionat to’xtatilgan paytda yig’ilgandik. Agar reglamentni o’qib ko’rsangiz u erda milliy chempionat milliy terma jamoa manfaati yo’lida tashkil etiladi deb yozilgan. Barchasi terma jamoa muvaffaqiyatli to’p tepishi uchun qilinmoqda. Agar FIFA kunlaridan tashqari yig’inlar qilmasa PFL bundan kuchayib qoladimi? Reglamentni ochib birinchi sahifani o’qib ko’ring.

– BAAda o’zbekistonlik futbolchilar ko’payib qoldi ularga yordam berib turibsizmi? Ikkinchi savolim ayni paytda Odil Ahmedov terma jamoada emas, «yuk»ni o’zingizga olishga tayyormisiz?
Otabek SHukurov: 
Birinchi savolga javobim albatta BAAga kelgan har bir futbolchimizga yordam berishga harakat qildim. Tashkiliy ishlar boshqa narsalarda qo’ldan kelgancha yordam berdim. Ular bilan aka-ukamiz bu borada gap so’z bo’lishi mumkin emas.
Ikkinchi savolingizga kelsak har bir futbolchining o’z o’rni bor, nima bo’lishidan qatiy nazar bu terma jamoa unga kim tayyor bo’lsa o’sha maydonga tushadi. Terma jamoaning har bir daqiqasi biz uchun tajriba. Bu katta masuliyat. Har bir bahsda muxlislarni xursand qilib g’alaba qozonishga intilamiz.

– Keling bugun bir narsaga oydinlik kiritib olsak. Vadim Abramov hamon «Bunyodkor» o’yinlariga bormoqda, xuddi o’sha kuni turning markaziy o’yini bo’lgan «Nasaf» – «Paxtakor» uchrashuviga esa bormaydi…
– Bilasizmi Samarqandda Superkubok o’yini bo’ldi u erda «Nasaf» – «Paxtakor» uchrashuvini tomosha qildim. Ikki kundan keyin yana shu jamoalar o’ynashdi, yana qanday yangilikni ko’rishim mumkin? «Bunyodkor»da yo’qman, agar bu terma jamoaga xalal berayotgan bo’lsa uyimda ham yashamasligim mumkin…

– Jasur Jaloliddinovning transeri ko’plab muhokamalarga sabab bo’ldi. Oldin «Bunyodkor»da ishlagan paytda shogirdlaringizga agent tanlash yoki boshqa masalada maslahat berib turasizmi?
– Maslahat so’rashsa albatta maslahat beraman. Ammo ko’pincha quloq solishmaydi. Mana Jaloliddinov: U «Lokomotiv»ga sotilganida kam pulga sotildi deb jar solishdi. Moskva klubida o’yin amaliyotiga ega bo’lmasa «Bunyodkor»ga qaytib maoshni «Lokomotiv»dan olishi va «Bunyodkor»da o’ynashi kerak edi. Ammo o’sha paytda turli mish-mishlar chiqa boshladi va futbolchi transfer oynasi yopilguniga qadar qayta olmadi. «Tambov»ga bordi va o’ynay olmadi. Sababi Rossiyada jismoniy futbol namoyish etishadi. Undan keyin Ispaniyadan taklif bo’lgandi, ammo Jasurning o’zi «Andijon»ni tanladi. Men unga «Andijon»ga o’tishini maslahat bergan deb o’ylaysizmi? Yo’q, unga Ispaniyaga borishini maslahat bergandim. Endi u Turkiyaga bormoqchi, menimcha Turkiyaga borib birinchi ligasida o’ynaydi. Bu chempionatda ham oson bo’lmaydi. Bizda pul topish oson. Hozir hatto jurnalistlar ham agentlik bilan shug’ullanishmoqda…

– Egor Krimec negadir terma jamoaga chaqiriladi va doim o’yinga yaqin ro’yxatdan tushib qoladi. Sizda doim markaziy himoyada muammo bo’ladi, bu nima bilan bog’liq?
– Krimec bo’yicha ha to’g’ri sezibsiz. Balki Egor intervyuda aytgan gapimdan xafadir, ammo u bilan gaplashib olganman. Egor terma jamoada o’ynashni istamayman demagan. SHunchaki jarohat olmoqda va biz jarohat olganlarni chaqira olmaymizku.

Haqiqatdan ham markaziy himoyada muammo bor. U doim bo’lgan. Hozir Azim Ahmedovni chaqirdik. «Navbahor»dagi o’yinda tomosha qildim. «Nasaf» va «Lokomotiv» bilan o’yinlarda kuzatdim. Milliy terma jamoa darajasida uni sinab ko’rishni xohladim. Agar Azim bundan foydalana olsa terma jamoa uchun ham foyda bo’ladi.

– Bir yil oldingi intervyu vaqtida siz terma jamoamiz Jahon chempionatiga chiqsak o’z «Mersedes» avtomobilimni sovg’a qilaman degandingiz. Butun xalqimiz Jahon chempionatiga chiqishni kutmoqda, men ham buni kutayapman. Sababi men sizdan o’sha mashinani yutib olishni xohlayman va birgalikda bolalar uyiga topshirishni orzu qilaman. SHu bois iltimos bor kuchinglar bilan o’ynanglar, o’sha bolalar uyidagi bolalar uchun ham o’ynanglar.
– O’z vadamni unutganim yo’q. Agar bugun O’zbekiston terma jamoasi Jahon chempionatiga chiqsa ertagayoq birga borib bolalar uyiga «Mersedes»ni sovg’a qilishga tayyorman. Ammo buning uchun ko’p mehnat qilish kerak, barchamiz mana shu orzu yo’lida birlashishimiz kerak.

Manba: https://championat.asia/

Mavzuga oid yangiliklar

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Buni ham o'qishni maslahat beramiz
Close
Back to top button