FutbolYangiliklar

«Nasaf» klubiga yordam bering-janob «HOKIM»

Bugun ertalab ijtimoiy tarmoqlarni “titkilab” turib, Qashqadaryo viloyat hokimligining Telegramdagi rasmiy kanalida “Nasaf” stadioniga qarashli “Markaziy” stadionga yangi nom uchun so’rovnoma o’tkazilayotganiga ko’zim tushdi,deya yozmoqda Championat.asia muhbiri Aziz Nuriy.

Jamoadagi ayni paytdagi vaziyatdan biroz bo’lsada xabardor bo’lganim uchun so’rovnomani ko’rib bir jahlim chiqdi, bir kulgim keldi.

Kuni kecha “Andijon” futbol klubi rahbariyati klub logotipi va jamoa to’p tepadigan stadion nomini o’zgartirganligi haqida o’qigandik. “Qovun qovundan rang oladi”, deganlaridek, aftidan, “Nasaf”ning jonkuyar “rahbarlari” shu yo’l bilan muxlislarni  jamoadagi muammolardan chalg’itishga urinishgan shekilli. Umuman yurtimiz futbol olamida qaysidir jamoa yoki tashkilotga yangi rahbar kelishi bilan ishni klub logotipi yoki stadion nomini o’zgartirishdan boshlashi yangilik emas. Uzoqqa bormaylik, O’FF nomi O’FAga , “Bunyodkor” stadionini “Milliy” deya o’zgartirilgani (rasmiy hujjatlarda hali ham “Bunyodkor” nomi yuritilmoqda) hali yodimizdan ko’tarilgani yo’q. 

Xo’sh, Qarshi shahridagi “Markaziy” stadion nomini o’zgartirish kimga va nima uchun kerak bo’ldi? Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Qashqadaryo viloyat hokimligi matbuot xizmati rahbari Ahror Sodiqovga murojaat qilganimizda “hozir o’z-o’zidan biror nom tanlaganda ko’ra, rahbariyat xalqni ham tinglaylik deyishgan” deya qisqa javob bilan cheklandi.

“E qoyil”, “bor ekanku xalqniyam tinglaydigan rahbariyat” devorgim keldiyu, hurmatli “hokim buva”ning  “Nasaf” moliyaviy muammolarga qaramay, Superligani 2-o’rinda tugatgani va o’sha paytda jamoani tabriklab, “har qanday qo’llab-quvvatlovga va ko’makka tayyorman” degan gaplari yodimga tushdi. 1. Balki viloyat rahbari stadioni nomini o’zgartirish bilan jamoani qo’llab-qo’vvatlashni maqsad qilgandir?! Balkim?! Lekin klubdagi hozirgi moliyaviy holat – ishchi xodimlarning bir necha oylab maosh olmay ishlab kelayotganligi, jamoaning turli tashkilotlardan qarzdorligi bir necha yuz millionlardan iborat summani tashkil etayotganini ham shunchaki eslatib o’tmoqchiman. SHu va shu kabi muammolar ildiz otib ketgan klubda hozirgi sharoitda stadion nomini o’zgartirish (uchun so’rovnoma o’tkazish)dan men hech qanday mantiq topa olmadim. Sizchi?

Mavzuga oid yangiliklar

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Buni ham o'qishni maslahat beramiz
Close
Back to top button