Bizning ijtimoiy tarmoqlarimiz

Futbol

«Istiqlol» klubi yopildi.Pro-Liga qanday ko’rinishga keldi

So‘nggi 5 yil davomida Pro liganing eng barqaror jamoasi sifatida Superliga yo‘llanmasi uchun kurashib kelgan Farg‘onaning «Istiqlol» klubi o‘zining qisqa tarixi ichida ilk marta boshi berk ko‘chaga kirib qolgan,deya xabar bermoqda Tribuna.uz nashri.

Klub so‘nggi ikki yilda Farg‘ona shahridagi klub nomi bilan ataladigan stadionga sig‘magach, joriy mavsumni o‘yingoh izlab sarson-sargardonlikda o‘tkazayotgan edi. Oxir-oqibat xususiy klubning ham sabr kosasi to‘lgan ko‘rinadi.

 21 sentyabr, dushanba kuni Farg‘onaning «Istiqlol» klubi faoliyatini davom ettira olmasligi bo‘yicha PFLga rasmiy xat bilan murojaat qilgan. Bu haqda tashkilot bosh direktori vazifasini bajaruvchi Diyor Imomxo‘jayev telegramdagi kanalida ma’lum qilgan.

 «Istiqlol» klubi faoliyatini davom ettira olmasligi bo‘yicha PFLga xat bilan murojaat qildi. Bu biz uchun qayg‘uli xabar. Chunki «Istiqlol» kam sonli xususiy klublardan biri hisoblanadi.

 Afsuski, Farg‘onadagi «Istiqlol» arenasi masalasi ijobiy hal etilmadi. «Neftchi» ham, «Istiqlol» ham undan surgun qilingan. Pro liga uchrashuvlari translyatsiyasini yo‘lga qo‘yib, cho‘lli G‘uzordan, chekka Yaypandan, tog‘li Zomindan jonli efirga chiqdik. Ammo Farg‘onaning qoq markazida joylashgan arenada birorta futbol ko‘rmadik.

O‘zPFL «Istiqlol» futbol klubidagi ish o‘rnidan chetda qolayotgan futbolchilarga boshqa jamoalarga o‘tish imkoniyatini yaratib beradi. Farg‘onalik yuz minglab futbol muxlislariga esa mustahkam sabr tilaymiz», – deya yozadi PFL direktori.

 Reglamentda nima deyilgan?

«Istiqlol» Pro ligani tark etsa, endi qiziy boshlagan turnir qay daraja o‘zgaradi? Musobaqa reglamentida klubning turnirdan chiqib ketishi haqida nima deyilgan?

 Bu yilgi mavsum reglamentiga nazar solarkanmiz, 8-bobdagi «Musobaqada ishtirok etish shartlari»ning 8-bandini «Istiqlol»ga nisbatan qo‘llash mumkin:

 «8.8. Musobaqalardan chetlashtirilgan jamoa agar uchrashuvlarning 50 foizdan kamini o‘tkazgan bo‘lsa, uning natijalari bekor qilinadi. Ogohlantirish va chetlashtirishlar o‘z kuchini saqlab qoladi. Agar jamoa uchrashuvlarning 50 foizdan ko‘pini o‘tkazgan bo‘lsa, bunday jamoaga qolgan uchrashuvlar uchun texnik mag‘lubiyat (-:+), raqib jamoalarga esa texnik g‘alaba (+:-) yoziladi. Ogohlantirish va chetlashtirishlar o‘z kuchini saqlab qoladi», – keltirilgan chempionat reglamentida.

Sakkiz jamoadan iborat Pro ligada jami o‘yinlar soni 20tani tashkil qilishini inobatga olsak, «Istiqlol»ning 7-turgacha o‘tkazgan o‘yinlari soni 35 % foizni tashkil etadi. Demakki, o‘yinlar foizi yarmiga ham yetmagani sababli, «Istiqlol» klubining bugungi kungacha o‘tkazgan birinchi davradagi 7ta o‘yini natijasi ham bekor qilinadi. Bular quyidagi bahslar:

 «Istiqlol»ning bekor qilinadigan o‘yinlari:

7-tur. «Istiqlol» – «Oqtepa» – 1:2

6-tur. «Xorazm» – «Istiqlol» – 0:1

5-tur. «Istiqlol» – «Neftchi» – 0:1

4-tur. «Turon» – «Istiqlol» – 2:1

3-tur. «Istiqlol» – «Zomin» – 3:0

2-tur. «Dinamo» – «Istiqlol» – 1:2

1-tur. «Sho‘rtan» – «Istiqlol» – 2:0.

 Turnir jadvali qanday ko‘rinish oladi?

«Istiqlol» klubi ishtirokidagi barcha natijalar bekor qilingach, hozirda 6-o‘rinda borayotgan «Istiqlol» so‘nggi o‘ringa tushiriladi. Natijalari nolga tenglashtirilgach, turnir jadvalida ham katta o‘zgarishlar yuzaga keladi.

Pro-liga. Hozirgi vaziyat:

Pro-liga. «Istiqlol» klubi chetlatilgach yuzaga keladigan vaziyat:

Turnir jadvalidan ko‘rish mumkinki, «Istiqlol»ning ligadan chetlatishidan bu klubni mag‘lub etgan yuqoridagi to‘rtlik uch ochkodan yo‘qotadi, «Dinamo», «Zomin» va «Xorazm» klublarining esa bu jamoaga mag‘lubiyati yo‘qqa chiqadi. Natijada ‘Dinamo» 11 ochko bilan «Oqtepa» va «Turon»dan o‘tib, 2-o‘rindagi «Neftchi»ga yetib oladi. Umuman olganda, «Istiqlol»ning ishtirokini to‘xtatishi yuqori to‘rtlikda jiddiy kurashni yuzaga keltirsa, tanganing ikkinchi tomoni borki 3-4-davrada jadval ikkiga bo‘lingach, quyi guruhdagi kurash ancha kuchsizlanadi.

Continue Reading
REKLAMA
Izoh berish uchun bosing

Leave a Reply

Email manzilingiz chop etilmaydi.