Bizning ijtimoiy tarmoqlarimiz

Futbol

La Liga yakunlari: natijalar, faktlar, rekordlar

Yakuniga yetgan La Liga mavsumi sarhisobini sports.uz tahriryati ma’lum qildi.

Natijalar

So‘nggi turgacha muxlislar e’tiborini o‘ziga qarata olgan, shiddatli uchrashuvlari bilan tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘lgan Ispaniya chempionati 89-mavsumini yakunladi. Unda 380 ta o‘yin o‘tkazilib, jami 942 ta to‘p kiritildi (har bir bahsda o‘rtacha 2,48 ta gol). Musobaqani “Real” chempion sifatida yakunlab, “Barselona”ni ikkinchi o‘ringa mixladi. Kuchli uchlikka poytaxtning yana bir vakili “Atletiko” yakun yasadi. “Leganes”, “Malorka” va “Espanol” jamoalari esa elitani tark etdi.


To‘purarlar poygasida Lionel Messi 25 ta gol bilan peshqadam bo‘ldi. E’tiborli jihati, argentinalik super yulduz bu sovringa umumiy hisobda 7-marta va qatorasiga 4-bor ega chiqmoqda. Qo‘shimchasiga, u 21 ta golli uzatma bilan ketma-ket 3-mavsum La Liganing eng yaxshi assistenti bo‘lib kelmoqda.


Ushbu mavsum “Selta” klubi o‘z maydonida“Alaves”ni tor-mor keltirdi va bu natija uy uchrashuvlaridagi eng yirik hisob sifatida qayd etildi. 2020 yilning 21 iyunida Vigodagi “Balaidos” stadionidagi bahs mezbonlarning 6-0 ko‘rinishidagi g‘alabasi bilan tugagan. Mehmondagi o‘yinda eng yirik hisobni “Atletiko” va “Barselona” qayd etdi. “Matraschilar” debyutant “Osasuna”ni, Kike Seten shogirdlari esa “Alaves”ni 5:0 hisobida engdi. “Vilyarreal” va “Granada” o‘rtasidagi o‘yinda eng ko‘p gol kiritildi – 4:4.


Faktlar

Pandemiya sabab yuzaga kelgan tanaffusdan so‘ng 39 kun ichida 110 ta o‘yin o‘tkazildi va bundan ba’zi jamoalar zarar ko‘rishdi. La Liganing 27-turidan so‘ng, ya’ni tanaffusgacha Chempionlar ligasi yo‘llanmalarini taqdim etuvchi 4-pog‘onada borayotgan “Xetafe” jamoasi yakunda 8-o‘rin bilan Evrokuboklardan quruq qoldi. Ulardan-da ko‘proq “kuygan” “Barselona” esa restartgacha eng yaqin ta’qibchisi “Real”dan oldinda bora turib, oxiri bosh sovrinni Madrid jamoasiga boy berdi. 
2019/20 yilgi mavsumda 34 o‘yindan 18 tasida darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan Tibo Kurtua Ispaniyaning mashhur «Marca» nashri tomonidan ta’sis etilgan “Zamora” sovriniga ega chiqdi. Bu orqali belgiyalik posbon ushbu yutuqqa 2 klub safida erishgan ilk kiper sifatida tarixga kirdi.


Ushbu mavsumda futbolchilarga 1899 ta sariq va 84 ta qizil kartochka ko‘rsatildi. Eng ko‘p ogohlantirish bergan hakamlar:
Xaver Estrada Fernandes 20 o‘yin, 130 ta sariq, 6 ta qizil;
David Mede 19 o‘yin, 117 ta sariq, 5 ta qizil;
Mateu Laos 21 o‘yin, 110 ta sariq, 5 ta qizil kartochka
Eng qo‘pol o‘yinchilar:
Damian Nikolas 15 sariq, 1 qizil;
Jerar Pike 15 ta sariq;
Xonatan Silva 13 sariq, 1 qizil;
Allan-Romeo Nom 13 sariq, 2 qizil kartochka


Jamoalar kesimida qarasak, “Xetafe” klubi futbolchilari umumiy hisobda 126 ta sariq kartochkaga loyiq ko‘rildi. Bu borada eng tartibli jamoa sifatida “Levante” klubini a’zolarini e’tirof etish joiz. Ular mavsum davomida 69 bor hakamlar tomonidan sariq kartochka bilan ogohlantirilgan. “Espanol” hamda “Real Betis” vakillari esa 9 tadan qizil kartochka oldi. Aksincha, “Valyadolid” futbolchilaridan hech kim maydondan haydalmasdan, haqiqiy intizom namunasini ko‘rsatdi. 
Yana bir qiziqarli faktni e’tiboringizga havola qilamiz: mavsumda gol urish bo‘yicha eng sermahsul futbolchi Marko Asensio bo‘ldi. Mavsum avvalida og‘ir jarohat olib, aksariyat o‘yinlarni o‘tkazib yuborgan ispan vingeri umumiy hisobda 334 daqiqa o‘ynab, bu vaqt ichida uchta gol ura oldi. Bu o‘rtacha har 111 daqiqada 1 ta gol, degani. Undan keyingi pog‘onalardan Messi va Luis Suares o‘rin olgan. Leo o‘rtacha hisobda har 115 daqiqada gol urgan bo‘lsa, bu ko‘rsatgich “El Pistolero”da 147 daqiqani tashkil qiladi.


Rekordlar

Yuqorida aytilganidek, Lionel Messi bu mavsumda raqobatchilariga qaraganda ko‘proq to‘p kiritdi va mavsumni to‘purarlar ro‘yxatida 1-o‘rinda yakunladi. Natijada, Leo»Marca» nashri tomonidan La Liga to‘purariga taqdim etiladigan “Pichichi” sovrinini qatorasiga 4-marta qo‘lga kiritdi va 1984-1988 yillar oralig‘ida meksikalik Ugo Sanches tomonidan o‘rnatilgan rekordni takrorladi. Farqli jihati shundaki, Ugo bu sovrinlarni Madridning “Real” hamda “Atletiko” jamoalari safida yutgan. Leo esa 1 klub tarkibida bunday natijalarni qayd etib kelmoqda.

Kataloniyaliklarning yana bir a’zosi ushbu mavsum rekord qayd etdi. Jamoa darvozaboni Mark-Andre ter Shtegen 2020 yil 15 fevral kuni “Xetafe”ga qarshi bahsda 69 ta uzatma amalga oshirgan holda, La Liga rekordini o‘rnatgan.


Ashaddiy raqiblariga javob tariqasida “Qirollik klubi” vakillari ham bir qancha rekordlarni yangiladi. Xususan, jamoa sardori Serxio Ramos “el-klasiko”larda maydonga tushish bo‘yicha rekord o‘rnatdi. Ispan futbolchisi umumiy hisobda 44 marta kataloniyaliklar bilan bo‘lgan o‘yinlarda ishtirok etgan. Navbatdagi har bir o‘yin “El Kapitano” uchun yangilangan rekord bo‘lib xizmat qiladi.


Bu mavsumda yana bir qancha eski natija yangilandi. Ya’ni, “Real Betis” yarim himoyachisi Xoakin Sanches “Real” afsonasi Alfredo Di Stefanoning rekodini “o‘zlashtirdi”. 2019 yil 8 dekabrda Bilbaoning “Atletik” jamoasi darvozasiga xet-trik yo‘llagan Sanches bunday natija qayd eta olgan eng yoshi katta futbolchi sifatida tarixga kirdi. Ispaniyalik futbolchi 38 yosh-u 140 kunligida 55 yillik rekordni ortda qoldirgan edi.


Yildan yilga har tomonlama o‘sishga erishayotgan La Liga bizni bu mavsumda ham ajoyib futbol spektakllari bilan xursand qila oldi. Keyingi mavsumlarda ham ushbu chempionat o‘zining unutilmas o‘yinlari bilan bizga manzur bo‘lishiga ishonamiz. Roppa rosa 49 kundan so‘ng La Liga 2020/21 yilgi mavsumiga start beriladi. Va biz ungacha siz aziz muxlislarni zeriktirib qo‘ymaslikka va’da beramiz.

Continue Reading
REKLAMA
Izoh berish uchun bosing

Leave a Reply

Email manzilingiz chop etilmaydi.