Yangiliklar

23 karra Olimpiada chempioni yoki bugun tavallud ayyomini nishonlayotgan afsonaviy Maykl Felps haqida

Bugun amerikalik afsona, Olimpiya o’yinlarining 23 karra chempioni, 28 karra sovrindor Maykl Felpsning tug’ilgan kuni.

SHu munosabat bilan Felps haqidagi maqolani bugun qayta chop etishga qaror qildik. 

Maykl Felps 1985 yilning 30 iyunida AQSHda tug’ilgan.

Yozgi yoki Qishki Olimpiya o’yinlarining g’oliblari – Olimpiya chempionlari o’zgarmaydigan unvonga egalar, yani sobiq Olimpiya chempionlari bo’lmaydi.

Olimpiya o’yinlarida ham shaxsiy, ham jamoaviy musobaqalar g’oliblari olimpiya chempionlari unvoniga ega bo’ladi. Bunda bitta Olimpiya o’yinida jamoaviy sport turlari va ixtisoslashishga ko’ra ayrim shaxsiy musobaqalarda faqat bir marta Olimpiya chempioni bo’lish mumkin bo’lsa, boshqa shaxsiy musobaqalarda sportchilar besh marta va undan ham ko’proq Olimpiya chempioni unvoniga sazovor bo’la olishadi.

Olimpiya o’yinlarida eng ko’p oltin medalga ega sportchi – amerikalik suzuvchi Maykl Felpsdir. U 23 karra Olimpiya chempionidir (13 marta – shaxsiy musobaqalarda va 10 marta – estafetalarda). Paavo Nurmi, Larisa Latinina, Mark Spitc, Karl Lyuis to’qqiz martadan Olimpiya chempionlari bo’lganlar.

Maykl Felps, shuningdek 50 metrli suzish havzasida 26 karra jahon chempioni va ko’p marta jahon rekordchisidir. SHuning uchun uni “Baltimor o’qi” yoki “Uchuvchi baliq” deb nomlashadi. Unga, ayniqsa erkin va batterflyay usulda suzish, shuningdek kompleks suzishda teng keladiganlar topilmagan.

2001 yil 30 martda suv sporti turlari bo’yicha jahon chempionatida Maykl Felps 200 metrga batterflyay usulida suzishda jahon rekordini o’rnatgan. SHu tarzda u 15 yoshu 9 oyligida suzish bo’yicha jahon rekordi o’rnatgan birinchi sportchi bo’lgan.

2004 yilda Afinada bo’lib o’tgan Olimpiadada 19 yoshli Felps sakkizta medal sohibi bo’lgan, ularning oltitasi oltin va ikkitasi bronza medali edi. SHu bilan birga uchta Olimpiya o’yinlari va bitta jahon rekordlarini o’rnatgan. Bundan tashqari sportchining bitta Olimpiadada qozongan sakkizta medali mashhur gimnastikachi Aleksandr Dityatin tomonidan 1980 yilda Moskva Olimpiadasida o’rnatilgan rekordning takrorlanishi bo’lgan.

Maykl Felps 2008 yilda Pekinda bo’lib o’tgan Olimpiya o’yinlarida o’zi qatnashgan barcha sakkizta musobaqada g’olib chiqqan. Bu bilan u Mark Spitcning Myunxendagi 1972 yilgi rekordini (bir Olimpiadada etti oltin medal) yangilagan. Natijada u 14 karra Olimpiya o’yinlari chempioni bo’lgan. Bu bilan u fin engil atletikachisi Paavo Nurmi, amerikalik engil atletikachi Karl Lyuis va o’z sport turi bo’yicha vatandoshi Mark Spitcni orqada qoldirib, zamonaviy Olimpiya o’yinlarining eng ko’p marta chempioniga aylangan.

2012 yilda Londonda o’tkazilgan Yozgi Olimpiadada Maykl Felps qozongan barcha olimpiya medallarining soni bo’yicha (22 ta) Olimpiya o’yinlari barcha sport turlari bo’yicha 48 yil davomida o’zgarmay turgan mashhur gimnastikachi Larisa Latininaning rekordidan (18 ta olimpiya medali) o’zib ketgan.

Rio-de-Janerodagi 2016 yilgi Yozgi Olimpiadada esa Felps yana beshta oltin medal sohibi bo’lgan. U 200 metrga kompleks suzish bo’yicha musobaqada g’olib chiqib, birinchi marta bir sport turida bir masofaga suzishda to’rtta Olimpiada chempioniga aylangan.

2004 yilda Maykl Felpsning tug’ilgan shahri – Baltimordagi ko’chalardan biriga uning nomi berilgan.

Manba: Olamsport.com

Mavzuga oid yangiliklar

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Buni ham o'qishni maslahat beramiz
Close
Back to top button