Bizning ijtimoiy tarmoqlarimiz

Futbol

Xayrulla Hamidovdan: Kecha va bugunning zo‘rlari

Ikki iqtidor bilan yodda qolgan. Ikkisi ham o‘z zamonasizning zo‘rlaridan.

Sadio Mane. 

Kecha va bugunning zo‘rlari (1-qism)

Senegalning Sediu shaharchasida 1992 yili masjid imomi oilasida tug‘ilgan. Bambali qishlog‘ida kichik bir uychada Sadio bir xonada to‘qqiz kishi bilan yashagan. Ota-onasi, aka-ukalari, opalari bilan birga. Oila kambag‘al edi. Shuning uchun ota bolalarining o‘qishiga qattiq e’tibor qaratar, o‘qib olim bo‘lishlarini istardi. Qahramonimizning nigohi futbolga tortar, uydagilar bu ishiga qarshi edilar. 

Sport bilan uning tengdoshlari 2002 yili jiddiy shug‘ullanishni boshlashdi. Senegal mundialda furor ko‘targan mavsum. Chorak finalgacha yo‘l, esingizdadir?!

Maktabni bitirar ekan, Sadio otasini futbol o‘ynashga ko‘ndirdi. Qizig‘i, uni Dakarga butun qishloq pul yig‘ib jo‘natgan. Haligacha Mane qishlog‘ini har jabhada ta’minlab keladi.

Poytaxtda Jenerason Fut klubi akademiyasida nazoratdan o‘tgan. Tuzukroq oyoq kiyimi yo‘q, libosi haminqadar, yirtilgan butsasi va ishtoni bilan o‘zini ko‘rsatishni boshlagan Sadio darhol barchaning e’tiboriga tushdi. Qabul qilindi. 

Mane begona bir oilaga qo‘shildi. 2011 yili Fransiyaning “Mets” klubi skautlarining nazariga tushguniga qadar ko‘p mehnat qildi. Ular Afrikada yosh talantlarni ta’minlashar, kambag‘al oilalar bolalariga ko‘mak berishar, shu asnoda iqtidorlarni kashf etishardi. Aytishlaricha, Mane ular ko‘rgan eng qobiliyatli va… eng kambag‘al o‘spirin edi. Vaholanki, 17 yoshga kirgan Sadio bu paytda jamoa to‘purari edi.

Keyingi hayoti boshqa yulduzlarnikiga o‘xshash. Mehnatlari evaziga kattaroq klublarga taklif va APLga tashrifi. “Sauthempton” safida u ajoyib mavsumlarni o‘tkazgan. “Liverpul” bilan o‘zaro o‘yinlarda to‘rtta gol urgani e’tiborga molik. Klopp Sadioni “Redd Bull”dagi o‘yinlaridan kuzatib yurganini tan olgan. “Liverpul” o‘zi senegalliklarni xush ko‘radi. Mane El-Xaji Diuf va Salif Diaodan keyingi senegallik. “Sauthempton”dan bu klubga o‘tgan beshinchi o‘yinchi – Riki Lambert, Deyan Lovren, Adam Lallana va Nataniel Klayndan keyingi transfer. Tan oling, eng zo‘ri ham u.

O‘tgan yili Afrikaning eng zo‘r o‘yinchisi bo‘ldi. Ba’zi ko‘zga ko‘ringan mutaxassislarning nazdida 2019 yilgi o‘yini bilan «Oltin to‘p» sovrindori bilan yonma-yon turishi kerak edi. Messining ta’rifi ham shunday bo‘lgan.

Kecha va bugunning zo‘rlari (2-qism)

Moziy qahramoni – Roberto Karlos. Braziliyalik pushka. U ham 1973 yili San Pauluda kambag‘al oilada tug‘ilgan. Hayoti boshqa braziliyalik yulduzlar kabi – futboldan boshqa najot qolmagan va katta mehnati evaziga shu darajaga yetishgan. Yoshligida juda xaroba uyda yashagani uchun o‘ziga o‘zi va’da qiladi: Katta bo‘lsam futbolchi bo‘laman va otamga yaxshiroq uy sotib olib beraman. Roberto va’dasining ustidan ancha vaqtli chiqdi. Qizig‘i, otasi hamon o‘sha kottejda yashaydi. 

Otasi Lotin Amerika muzikasi qiroli deb ta’riflangan braziliyalik qo‘shiqchi Roberto Karlos muxlisi bo‘lgan. O‘g‘liga ham uning ismini qo‘ygan. Bugungi kunda san’atkor qahramonimiz fonida eslanadi.

Roberto Karlos ko‘p uylangan. To‘qqizta bolasi bor va hammasini ta’minlab qo‘ygan. Balkim shuning uchun ham hozirgi kunda 13 yildan beri Braziliyada bolalar sog‘lig‘ini yaxshilash xayriya fondida faoliyat yuritar. San Pauludagi klinikalardan biriga AQSHdan har yili qimmat apparatlar olib beradi. Juda ko‘p maktablar qurdirdi, barchasida bolalar tekinga tahsil olishadi. O‘zi shunday deydi: Qizlarimning kulganini ko‘rsam, o‘zimning yoshligimni eslayman. Qo‘rqinchli bolaligimni. Shu bois, doim yordamga muhtoj bolalarga nimadir ko‘mak bergim kelaveradi.
 

Maydondagi Roberto Karlos haqida bizning avlod yaxshi biladi. Yosh avlodga avval natijalarini aytib tanishtiray: jahon chempioni, uch karra YeCHL g‘olibi, to‘rt marta Ispaniya chempioni. “Real” tarkibida himoyachi bo‘la turib eng ko‘p gol kiritgan himoyachilardan biri. Zarbasi o‘ta kuchli bo‘lgan. Jahon rekordi – soatiga 198 kilometr tezlikda uchgan to‘p. Bu rekordni bir marta Lukas Podolski buzishga muvaffaq bo‘lgan. 2002 yilgi mundialda. Biroq, Karlos bu tezlikda doim tepib yurgani uchun tasodifiy bir zarbadan ko‘proq uni eslashadi.

Futbol tarixidagi eng chiroyli gollardan birini yo‘llagan. Fransiya milliy jamoasiga, Bartezga. Ne ko‘yga tushganini to‘p aytib bersin. 

“Qirollik klubi” “galaktikos”ga aylantirilgan payti ham Roberto Karlosning muxlislari yetarli bo‘lgan. Raul, Zidan, Bekhem, Figu va Ronaldodan qolishmaydigan tarzda muxlislari ko‘p edi. Uni yomon ko‘radigan futbol muxlisi bo‘lmasa kerak, degandi Puyol. “Barselona” klubi himoyachisi. Boshqa ta’rif ortiqcha. Zarbalarini eslaymiz yaxshisi…

Xayrulla Hamidov

Manba: http://tribuna.uz/

Continue Reading
REKLAMA
Izoh berish uchun bosing

Leave a Reply

Email manzilingiz chop etilmaydi.