Iordaniyaning ayollar o‘rtasidagi futbol ligasining “Shabab al-Ordon” va “Amman” jamoalari o‘rtasida 2018 yilda o‘tgan uchrashuv o‘yinda namoyish qilingan antiqa “feyr-pley” sababli joriy hafta OAV e’tiboriga tushdi.
ESPN telekanalida joylashtirilgan uchrashuvdan video ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining ko‘plab ijobiy izohlariga sabab bo‘ldi.
O‘yin vaqtida bir jamoa futbolchilari raqib futbolchisiga qarshilik ko‘rsatish vaqtida tasodifan uning hijobini yechib yuborishgan. Shunda hijobi yechilib ketgan futbolchi qiz to‘xtab, hijobini to‘g‘rilay boshlagan. Ana shu payt raqib jamoaning birvarakayiga bir necha futbolchisi unga yordamga kelib, uni qurshab olib, hijobini bamaylixotir to‘g‘rilab olguncha kameralar va tomoshabinlar nigohidan to‘sib turishgan.
Ta’kidlanishicha, Iordaniyada hijob kiyish majburiy hisoblanmaydi.