Yangiliklar

2030-yilgi Osiyo o‘yinlariga O‘zbekiston mezbonlik qilmaydi

Avvalroq O‘zbekiston ham mazkur musobaqa mezbonligi uchun da’vogar bo‘lishi xabar qilingandi.

Saudiya Arabistonining Ar-Riyod hamda Qatarning Doha shaharlari 2030-yilgi Osiyo o‘yinlari mezbonligi uchun ariza topshirdi. Bu haqda Osiyo Olimpiya kengashi ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, ariza topshirishning so‘nggi muddati 22-aprelga qadar faqat Doha va Ar-Riyod shaharlaridan XXI Osiyo o‘yinlari mezbonligi uchun rasmiy ariza qabul qilingan. Har bir mamlakat milliy Olimpiya qo‘mitasi bu borada shahar va hukumatning tegishli ruxsatnomasini taqdim etgan.

Doha bunga qadar 2006-yilgi Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qilgan, biroq Saudiya Arabistoni uchun bu yangilik hisoblanadi. Mezbon shahar nomi 2020-yilning 29-noyabrida ma’lum qilinadi.

Ma’lumot uchun, so‘nggi Osiyo o‘yinlari 2018-yilda Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida o‘tkazilgan. 2022-yilgi o‘yinlarga Xitoyning Xanchjou shahri mezbonlik qilsa, 2026-yilgi musobaqa Yaponiyaning Nagoya shahrida bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistoning Toshkent va Samarqand shaharlari 2030-yilgi Osiyo o‘yinlari mezbonligi uchun da’vogarlik qilishi aytilgandi.

Xususan, 2018-yilning dekabr oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatida O‘zbekiston kelajakda Osiyo o‘yinlari musobaqalaridan biriga mezbonlik qilishi kerakligi va bu borada istiqbolli rejalar ishlab chiqilishi lozimligi haqida aytgandi.

2019-yilning fevral oyida Osiyo Olimpiya Kengashi prezidenti Shayx Ahmad al-Fahad as-Saboh Toshkentga tashrif buyuradi. As-Saboh va Milliy Olimpiya qo‘mitasining o‘sha vaqtdagi prezidenti Umid Ahmadjonov ikki kun davomida Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qilish imkoniyatlarini muhokama qilgandi. O‘sha paytda Ahmadjonov Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyati tomonidan 2030-yilgi Osiyo o‘yinlarini Toshkent va Samarqandda o‘tkazish bo‘yicha ariza Osiyo Olimpiya Kengashiga taqdim etilgani haqida ma’lum qilgandi.

2019-yilning may oyida esa O‘zbekistonda yozgi Osiyo o‘yinlarini tashkil etish to‘g‘risida hukumat qarori e’lon qiligandi. Unda O‘zbekiston 2030-yilgi Osiyo o‘yinlari musobaqasi mezbonligiga da’vogar bo‘lishi imkoniyati mavjudligi ta’kidlanib, o‘yinlarni o‘tkazish uchun munosib infrastrukturani yaratish chora-tadbrilarini ishlab chiqish belgilangandi.

Manba: Daryo.uz


Mavzuga oid yangiliklar

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Buni ham o'qishni maslahat beramiz
Close
Back to top button