“Bunyodkor”ning moliyaviy ahvoli qiyinligicha qolmoqda.
UzTransGaz bosh homiyligidagi klub futbolchilari o‘tgan yilgi bronza medali, yangi mavsumdagi OChL pley-off bosqichidagi ishtirokiga qaramay, oylik maoshlarini ololmayapti. Jamoa oldida nafaqat 2020 yil hisobidan, hattoki 2019 yildan ham qolib ketgan qarzdorlik holati saqlanib kelmoqda. Bu haqda Kun.uz sayti muxbiri xabar berdi.
Ayni koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan
karantin holatida ushbu sayti vakili “Bunyodkor” klubi bosh murabbiyi Vadim
Abramov bilan bog‘lanib, klubning asl moliyaviy holatini bilishga intildi.
– “Chindanam, jamoamiz 2020 yilda umuman oylik maosh
olganicha yo‘q, qolaversa o‘tgan yildan ham qarzdorlik holati bor. Qonun-qoidalarga
amal qilib, karantin vaqtida ko‘chaga chiqmay uyda avvalgi oylik maoshlar
berilishini kutib o‘tiribmiz”, – deya gap boshladi Vadim Karlenovich.
– Demak, bu yil hisobidan jamoa futbolchilari umuman
oylik maosh olishmagan, shundaymi?
– Xuddi shunday, uch oydan buyon maosh olganimiz yo‘q.
Men ko‘proq hozirgi qiyin pallada jamoamiz futbolchilari uchun qayg‘urayapman.
Ular bilan imkon qadar qo‘ng‘iroqlashib, aloqada bo‘lib turibmiz. Jamoada
ko‘pchilikning oilasi, ro‘zg‘ori bor ularni qanday boqishni bilishmayapti.
Bunday paytda murabbiy, rahbar sifatida yigitlar, jamoadagilarning oldida biroz
noqulay ahvolga tushasan. Afsuski, hozircha jamoada shunaqa ahvol.
– Klub bosh homiysi UzTransGaz rahbariyatida yaqinda
o‘zgarish bo‘ldi. Bu borada qandaydir yangilik yoki moliyaviy holatga ta’siri
bo‘ldimi?
– Bundan xabarim yo‘q. Bu mening vakolatimga kirmaydi.
Buning uchun bosh direktor bor, rahbar sifatida direktorimiz homiylar bilan
doimiy aloqada bo‘ladi. Afsuski, hozircha bizga har safar “ertaga, indinga”
deyishdan naryoqqa o‘tilmayapti.
– Yil boshida jamoa Osiyo chempionlar ligasi
saralashida O‘zbekiston sharafini himoya qilganda ham vaziyat shunday edimi?
– Mavsum boshida Osiyo chempionlar ligasida ishtirok
etganligimiz bilan hisoblaganda, bilasizmi, hattoki shunga ham hech narsa
ajratishmadi. Vaziyat qiyin. Nima bo‘layotganligini hattoki tushunmayapmiz.
Futbolchilar, jamoadagilarning ham oilasi, ro‘zg‘ori bor. Meni shu ko‘proq tashvishlantiradi, – dedi Vadim
Abramov.