O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga chalingan
bemorlardan yana 8 nafari tuzaldi. Tuzalganlar Virusologiya ilmiy-tekshirish
instituti klinikasidan Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va boshqa
mas’ullar ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy
reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi. Bu haqda Sog‘liqni
saqlash vazirligi ma’lum qildi.
Shu
tariqa, ayni paytda O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga chalingan
bemorlarning 38 nafari sog‘aydi.
Vazirlik
tomonidan qayd etilishicha, shifokorlar bemorlarni davolashda dunyo tajribasi,
xususan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Germaniya, Janubiy Koreya, Xitoy,
Yaponiya kabi qator mamlakatlarning eng nufuzli mutaxassislari tavsiyalaridan
foydalanmoqda. Bundan tashqari, Prezident topshirig‘iga ko‘ra, har bir bemorga
ikki nafardan shu sohada ko‘zga ko‘ringan tajribali mutaxassislar jalb qilinib,
standartlar bo‘yicha davolash choralari ko‘rilmoqda.
Shuningdek,
shifokorlar bemorlarni davolash jarayonida mamlakatning yetuk pulmonolog,
kardiolog, terapevt, endokrinolog, reanimatolog kabi qator mutaxassislar bilan
telemuloqot o‘rnatib, ulardan kerakli tavsiyalarni olmoqda. Tor mutaxassislar
bilan hamkorlik bemorlarning holati yuzasidan maslahatlashish, aniq tashxis
qo‘yish va davolash imkonini bermoqda.
O‘zbekistonda
koronavirusga chalinganlar soni 9-aprel Toshkent vaqti bilan soat 15:30
holatiga ko‘ra 582 kishiga yetdi. Shu
paytga qadar uch kishi (bir ayol va ikki erkak) koronavirus sabab vafot etdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 4—7-aprel kunlari koronavirusga chalinish bilan bog‘liq holatlar ayniqsa ko‘p qayd etildi. Xususan, 6-aprel kuni 115 kishida koronavirus aniqlangan — bu kunlik rekord; shuningdek, 6-aprel soat 10:00 dan 7-aprel soat 15:00 gacha bo‘lgan oraliqda, Buxoro (65 nafarga) va Qoraqalpog‘istonda (sakkiz barobarga) bemorlar soni keskin ko‘paygan.
Manba: Daryo.uz