FutbolYangiliklar

“Liverpul” muxlisining o‘limiga sabab bo‘lgan 15 aprel voqeasi qanday bo’lgan ?

15-aprel kuni “Hillsboro voqeasi”ga 31 yil bo‘ldi. “Daryo” Angliya futboli tarixidagi eng katta fojia borasida hikoya qiladi.

Buyuk Britaniyani o‘zgartirgan kun

1989-yilning 15-aprel kuni Sheffildda Angliya Kubogi yarim finalidan o‘rin olgan “Liverpul” — “Nottinghem Forest” uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv avvaliga turniketlar yonida, keyinchalik tribunada yuzaga kelgan tiqilinch sabab 6-daqiqadayoq to‘xtatiladi.

Uchrashuv 15:00 da boshlanadi, tashkilotchilar o‘yin vaqtini biroz kechiktirishni so‘raganlarga rad javobini beradi. Muxlislar yo‘llardagi ta’mirlash ishlari sabab o‘yinga ertaroq kela olmaydi. 14:52 da politsiya kirish uchun emas, balki chiqish uchun mo‘ljallangan katta darvozani ochadi. Politsiya noziri Devid Dakenfild olomonga “Barchada chipta bormi? Qo‘lni ko‘tarib ko‘rsating”, deb murojaat qiladi va chiptalar tekshiruvisiz kiritishga ruxsat beradi.

Darvozaning ochilishi va markaziy kirishning yopilmasligi sabab g‘arbiy tribunada muxlislar taqsimoti buzib yuboriladi. Bu halokatning asosiy sababi bo‘ldi: 5 mingga yaqin muxlis allaqachon to‘lib bo‘lgan sektorlar sari borardi.

Sektordagi muxlislar uch tomondan temir panjaralar qurshovida qolgan bo‘lsa, to‘rtinchi tarafdan odamlar oqimi to‘xtamasdi. O‘yin davom etar, tribunada esa odamlar nafas ololmay halok bo‘lardi. Uchrashuvning 6-daqiqasiga kelib vaziyat jiddiylashgach uchrashuv to‘xtatiladi.

Hammasi shu bilan tugamaydi! “Hillsboro” stadioni tashqarisida ko‘plab muxlislar qolgan, ularning hech biri ichkarida nimalar yuz berayotganini bilmas va o‘zining agressiv harakatlari bilan vaziyatni og‘irlashtirardi. Stadionning qanot tribunalarida joy yetarlicha topilardi, biroq barcha o‘yinni yaxshiroq rakursdan ko‘rish uchun markazga intilardi. Chiptasiz muxlislar evaziga odam yanada ko‘paydi va ertaroq kelganlar “qopqon” ichida qoldi.

Vaziyatni stadion xizmatchilari nazorat ostiga olishi kerak edi. O‘yindan so‘ng xizmatchilar sarmast ishqibozlar ularning gapiga kirmagan holda o‘zi bilganicha ish tutganini ma’lum qildi. Muxlislar esa aksincha, hech kimni ko‘rmaganliklari va o‘zlari uchun qulay joyga borishga intilganini aytdi. O‘yin to‘xtaganidan so‘ng nima bo‘layotganini tushunib yetmagan politsiya ikkinchi xatoga yo‘l qo‘yadi. Politsiya muxlislarning panjaraga tirmashishini maydonga chiqishga bo‘lgan urinish deya baholab, tayoqlar bilan urgan holda ularni ortga haydardi. Sal o‘tib yaqinroqdagi politsiyachilar vaziyatni anglab yetadi va jabr ko‘rganlarga yordam ko‘rsatishni boshlaydi. Biroq bir necha yuz metr narida turgan ofitserlar uchinchi xato buyruqni beradi: hamma panjaradan nari tursin, himoyaga o‘tilsin va hech kim o‘tkazilmasin. Ularning nazdida “Liverpul” muxlislari maydonga tushib kelgan holda narigi tomondagi “Nottinghem” ishqibozlari bilan mushtlashish niyatidadek tuyulardi.

Shundoq ham vaziyat og‘ir bo‘lib turgan vaqtda tibbiyot xodimlari va zambillarning yetishmasligi vaziyatni badtar chigallashtirdi. Yaqinlariga yordam berish niyatidagi muxlislar reklama bannerlarini sindirar va sherigini maydon markaziga olib borishga harakat qilardi, qator tizilib olgan politsiya esa buyruqqa bo‘ysungan holda ularni do‘pposlashda davom etardi.

94 muxlis voqea joyida halok bo‘ldi: ularning eng kichigi bor yo‘g‘i o‘n yoshda edi. Yana 766 nafar odam tan jarohati oladi, ularning uch yuzga yaqini shifoxonaga tushadi. To‘rt kundan keyin qurbonlar soni yana bittaga oshadi, 1993-yilning mart oyida esa “Hillsboro” o‘zining so‘nggi qurbonini olib ketadi: salkam to‘rt yil komada yotgan Toni Blend vafot etadi.

Keyinchalik Angliya hukumati klublarga turib tomosha qilinadigan sektorlardan voz kechish, arenaga o‘rindiqlar o‘rnatish va shunga yarasha chiptalar chiqarishni majburiy qilib qo‘ydi. Tribunalarni ajratib turuvchi temir panjaralar esa olib tashlandi.

Fojiadan to‘rt kun o‘tib The Sun nashri The Truth (“Haqiqat”) nomli reportaj tayyorladi. Unda barchasiga aybdor sifatida “Liverpul” muxlislari ko‘rsatildi: mersisaydliklar to‘la sektorlarga yopirilgani, politsiya va o‘t o‘chirish xodimlariga qarata tupurgani, jabrlanganlarning karmonini o‘margani va tibbiy yordam ko‘rsatishga xalal bergani aytiladi.

Shundan so‘ng muxlislar nashrga boykot e’lon qildi: gazetani matbuot do‘konlariga olib kelmay qo‘yishdi, odamlar uning nomini tilga olmay qo‘ydi, “Liverpul” esa nashr jurnalistlariga matbuot anjumani va uy stadioniga kirishni taqiqlab qo‘ydi.

Manba: Daryo.uz

Mavzuga oid yangiliklar

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Back to top button