BoksRetroYangiliklar

Vitaliy Klichko uchun qora kun bo’lib qolgan jang haqida.. (video)

Superog’ir vazn toifasida XXI asrning boshlarida juda ko’plab daxshatli janglar tashkil etilgan.

Ular orasiga 2003 yilning 21 iyun kuni bo’lib o’tgan Lennoks Lyuis va Vitaliy Klichko jangini misol qilib olishimiz mumkin. Lennoks Taysonni mag’lub etganidan so’ng, bir yildan ortiq tanaffus oldi. Bu orada esa ukrainalik Vitaliy Klichko WBC reytingining birinchi pog’onasiga ko’tarilib olgan edi. O’n ikki raundga mo’ljallangan bahs, afsuski Klichkoning jiddiy jarohati sabab oltinchi raunddan so’ng to’xtatiladi. Bu jang orqali britaniyalik chempion etti million dollar ishlab oladi, Vitaliy esa bir yarim millionga boyidi.

Jang sanasi: 21.06.2003

Jang manzili: Steypls-centr, Los-Andjeles AQSH

Jang hakami: Lu Moret.

Jangga qadar bokschilarning natijasi:

Lennoks Lyuis 43 ta jang (40 ta g’alaba, 2 ta mag’lubiyat, bitta durang 31 KO)

Vitaliy Klichko 33 ta jang (32 ta g’alaba va bitta mag’lubiyat)

Bu jangda Vitaliy anderdog (autsayder) sifatida qaraldi. Ammo Klichko jangning boshidan bu shunchaki taxmin bo’lganini isbotlashni boshladi. U dastlabki ikki raundda raqibiga juda ko’p kuchli va aniq zarbalar yo’lladi, buning oqibatida ikkinchi raundda chempionning qoshidan qon oqishni boshladi. SHu tariqa dastlabki ikki raund ukrainalikning foydasiga hal bo’ldi. 

Uchinchi raundda Lyuis o’ziga o’xshashni boshladi va raundni hujumlar bilan boshlaydi. Uning o’n qo’l zarbasi to’g’ri Klichkoning chap ko’ziga etib bordi, shu tariqa Klichkoning ham chap ko’zidan qon oqishni boshladi. Uchinchi raund haqiqiy ochiq hujumkor tarzda yakunlandi. To’rtinchi raund avvalgilaridek hujumkor o’tmadi va har ikki bokschi ham biroz dam olish uchun asosan klinchda harakat qilishdi. 
Beshinchi raundda Lennoks Vitaliyning jarohatlangan chap ko’zi tomon kuchli zarbalar yo’llashda davom etdi, beshinchi raund yakunidan so’ng Vitaning ko’zidan qon oqish to’xtamayotgandi. SHunga qaramasdan, Klichko oltinchi raundga chiqdi va deyarli bitta ko’z bilan ringda harakat qildi. Oltinchi raundda bokschilar yana bir bor ochiq jang namoyish etishdi.

Ammo oltinchi va ettinchi raundlar oralig’ida shifokor jangni to’xtashiga qaror qildi. SHu tariqa jangda katta ustunlikka ega bo’la turib, ochkolar hisobida oldinda borishiga qaramasdan Vitaliy Klichko texnik nokaut bilan imkoniyatni boy berib qo’ydi. Bu g’alabadan so’ng britaniyalik chempion faoliyatini yakunladi, Vitaliy esa keyinchalik ukasi bilan superog’ir vazn toifasida haqiqiy «qirol»larga aylanishgan.

Mavzuga oid yangiliklar

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Buni ham o'qishni maslahat beramiz
Close
Back to top button